Ishdagi baxtsiz hodisalar: uch oyda 62 kishi ish joyida halok bo‘ldi

Бугун 09:342 дақиқа

2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda ish joylari bilan bog‘liq 198 ta baxtsiz hodisa qayd etildi, ularning 62 tasi o‘lim bilan yakunlangan.

Ishdagi baxtsiz hodisalar: uch oyda 62 kishi ish joyida halok bo‘ldi

2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda mehnat faoliyati bilan bog‘liq jami 198 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘ldi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lum qildi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hodisalarning 9 tasi guruhiy, 139 tasi og‘ir oqibatli va 49 tasi o‘lim bilan tugagan. Baxtsiz hodisalar natijasida jami 223 nafar fuqaro jabrlangan bo‘lib, ulardan 146 nafari og‘ir tan jarohati olgan, 15 nafari yengil jarohatlangan, 62 nafari esa halok bo‘lgan.

Eng ko‘p baxtsiz xodisa yuz bergan sohalar

Tahlillarga ko‘ra, baxtsiz hodisalar eng ko‘p sanoat va qurilish sohalarida qayd etilgan. Xususan, sanoat tarmog‘ida 71 ta, qurilishda 54 ta holat kuzatilgan. Qishloq va suv xo‘jaligida 9 ta, transport sohasida 8 ta, savdo va xizmat ko‘rsatishda 8 ta holat ro‘y bergan. Shuningdek, ta’lim sohasida 6 ta, sog‘liqni saqlash tizimida 4 ta baxtsiz hodisa qayd etilgan.

Hududlar kesimida 

Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi — bu yerda 44 ta holat ro‘y bergan. Keyingi o‘rinlarda Surxondaryo viloyati (36 ta), Toshkent viloyati (29 ta), Navoiy (18 ta), Buxoro (16 ta) va Andijon (15 ta) turibdi. Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida 13 tadan holat qayd etilgan.

Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda 10 ta, Farg‘ona va Qashqadaryoda 10 tadan, Namanganda 7 ta, Xorazm va Jizzaxda 5 tadan baxtsiz hodisa ro‘y bergan. Vazirlik mehnat xavfsizligi har bir ish joyida ustuvor ahamiyatga ega bo‘lishi shartligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda O‘zbekistonda mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar oqibatida 248 kishi halok bo‘lgan. Davlat mehnat inspeksiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilda jami 849 ta shunday holat tekshirilib, rasman hisobga olingan.

Теглар

Мавзуга оид

Ishdagi baxtsiz hodisalar: uch oyda 62 kishi ish joyida halok bo‘ldi | Vaqt.uz