Ishlaydigan ayollarga farzandi 1 yoshga to‘lgunga qadar nafaqa to‘lanadi
Ijtimoiy reyestrning «davlat ta’minotidagi oila» toifasiga kiritilgan oilalar a’zolariga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 2026-yilda qo‘shimcha ravishda 100 mlrd so‘m, 2027-yilda 300 mlrd so‘m foizsiz kreditlar ajratiladi.
© Ijtimoiy tarmoqlarPrezident 11-sentabrda «Barqaror ish o‘rinlarini yaratish va kichik biznesni jadal rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi yangi farmonga imzo chekdi. Unga ko‘ra, «Saxovat va ko‘mak», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» jamg‘armalari saqlab qolingan holda ularning mablag‘larini tasarruf etish hamda ular hisobidan ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish vakolatlari tuman (shahar) shtablariga o‘tkaziladi.
2027-yil 1-yanvardan aholining ijtimoiy yordam va xizmatlarga muhtojligini o‘rganish hamda Ijtimoiy reyestrga kiritish ularning moliyaviy holatidan tashqari oila a’zolaridagi surunkali kasalliklar, nogironlik, tashqi mehnat migratsiyasi, oilaning ko‘p bolali ekanligi kabi mezonlar asosidagi ko‘p o‘lchovli baholash tizimi orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, ko‘p o‘lchovli baholash tizimi doirasida oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati balli skoring tizimi orqali baholanib, uning natijalariga ko‘ra oilalar tegishli toifalarga ajratilgan holda ijtimoiy yordam va xizmatlar bilan qamrab olinadi. Mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xotin-qizlarga ularga berilgan homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugagan kundan boshlab farzandi 1 yoshga to‘lgunga qadar Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan bolani parvarishlash nafaqasini to‘lash tartibi joriy etiladi.
Ijtimoiy reyestrning «davlat ta’minotidagi oila» toifasiga kiritilgan oilalar a’zolariga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 2026-yilda qo‘shimcha ravishda 100 mlrd so‘m, 2027-yilda 300 mlrd so‘m foizsiz kreditlar ajratiladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi bosh mutaxassisi Dilshodxon Muhitdinovaning Vaqt.uz’ga ma’lum qilishicha, yangi to‘lov 2026-yildan joriy etilgan davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimining mantiqiy davomi sifatida yo‘lga qo‘yiladi.
Nafaqa qanday tayinlanadi?
Yangi tartibga ko‘ra, ayollarga farzandi bir yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi nafaqasini tayinlashda qo‘shimcha hujjat talab qilinmaydi. Nafaqa davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimi orqali proaktiv (ariza bermasdan, avtomatik) tarzda tayinlanishi ko‘zda tutilmoqda.
Muhitdinovaning ta’kidlashicha, bu jarayon homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlash mexanizmiga o‘xshash bo‘ladi. Ayol tibbiy muassasaga murojaat qilganda homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha kasallik varaqasi rasmiylashtiriladi. U elektron shaklda Ijtimoiy sug‘urta axborot moduliga yuboriladi.
Shundan so‘ng ayolning mehnat faoliyatiga oid ma’lumotlar Yagona milliy mehnat tizimidan, daromadlari haqidagi ma’lumotlar esa Soliq qo‘mitasining axborot tizimidan avtomatik olinadi. Ushbu ma’lumotlar asosida sug‘urta staji va o‘rtacha oylik daromad aniqlanib, nafaqa tayinlanadi hamda mablag‘ to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijtimoiy kartaga o‘tkaziladi.
Xususiy sektor ham qamrab olinadi
Yangi tizim nafaqat davlat tashkilotlarida ishlaydigan ayollarga, balki xususiy sektorda mehnat qilayotgan fuqarolarga ham taalluqli bo‘ladi.
Ijtimoiy sug‘urta tizimida fuqarolar majburiy va ixtiyoriy tartibda qamrab olinadi. Mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma asosida ishlayotganlar, ular davlat yoki xususiy sektorda mehnat qilishidan qat’i nazar, majburiy tarzda sug‘urta tizimiga kiritilgan.
O‘zini o‘zi band qilganlar, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda xorijda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari esa tizimdan ixtiyoriy asosda foydalanishi mumkin. Buning uchun belgilangan eng kam miqdorda yoki undan yuqori ixtiyoriy sug‘urta badallarini to‘lab borish talab etiladi.
Shu orqali ular sug‘urta stajiga ega bo‘lib, belgilangan shartlar asosida homiladorlik va tug‘ish, keyinchalik esa bola parvarishi nafaqasini olish huquqiga ega bo‘ladi.
Ish beruvchilarning yuki kamayadi
Yangi nafaqani davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimiga o‘tkazishdan maqsadlardan biri — ayollarning rasmiy bandligini rag‘batlantirish va ish joyini saqlab qolishga ko‘maklashish.
Amalda bola parvarishi bilan bog‘liq nafaqa ish beruvchi zimmasida bo‘lgan. Bu esa ayrim hollarda xususiy sektordagi ish beruvchilar uchun moliyaviy yukni oshirgan. Agentlik vakiliga ko‘ra, natijada ayollarni bola parvarishi ta’tilida ishdan bo‘shatish yoki rasmiy ishga qabul qilmaslik holatlari uchragan.
Yangi tizimda nafaqani Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi to‘lashi ish beruvchining moliyaviy yukini kamaytiradi. Bu esa ayollarni rasmiy ishga qabul qilish va bola parvarishi davrida ularning ish joyini saqlab qolish uchun qo‘shimcha rag‘bat yaratishi kutilmoqda.
2026-yil yanvar–avgust oylarida homiladorlik va tug‘ish nafaqasi qariyb 94 ming nafar ayolga to‘langan. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, ushbu ayollar yangi bola parvarishi nafaqasini olish huquqiga ega bo‘lishi mumkin.
Yangi nafaqaning qancha miqdorda to‘lanishi hozircha ma’lum emas. Ijtimoiy himoya milliy agentligi bosh mutaxassisi Dilshodaxon Muhitdinovaning Vaqt.uz’ga ma’lum qilishicha, nafaqa miqdori, uni tayinlash va to‘lash tartibi hukumat qarori bilan aniq belgilanadi.
Shuningdek, ona farzandi bir yoshga to‘lmasdan ishga qaytsa, nafaqa to‘lanishi davom etadimi yoki to‘xtatiladimi, degan masala ham hali yakuniy tartibda belgilanmagan.
Ayni paytda homiladorlik va tug‘ish nafaqasi BHMga bog‘lanmagan. U fuqaroning sug‘urta staji va o‘rtacha oylik daromadidan kelib chiqib individual tarzda hisoblanadi. Nafaqa olish uchun kamida 10 oylik sug‘urta staji, shundan 6 oyi uzluksiz bo‘lishi talab etiladi.
10 oydan 2 yilgacha sug‘urta stajiga ega ayollarga o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizi, 2 yildan 5 yilgacha stajga ega bo‘lganlarga 85 foizi, 5 yildan ortiq stajga ega ayollarga esa 100 foizi miqdorida homiladorlik va tug‘ish nafaqasi tayinlanadi.
Yangi bola parvarishi nafaqasi uchun ham aniq miqdor va hisoblash mexanizmi hukumat qarori qabul qilinganidan keyin ma’lum bo‘ladi.





