Jahon banki O‘zbekistonga bolalar ta’limi uchun 100 mln dollar ajratdi
Ajratilgan pullar yangi maktablar qurilishi, 50 ming nafar pedagog va ta’lim tizimi xodimlarining malakasi oshirilishiga sarflanadi.

Jahon banki O‘zbekistonga boshlang‘ich ta’limni yaxshilash uchun 100 mln dollar ajratadi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Jahon banki ko‘magida amalga oshiriladigan BILIM dasturi doirasida 2030 yilgacha 2 millionga yaqin boshlang‘ich sinf o‘quvchisining ta’lim sifati yaxshilanadi. BILIM dasturi, avvalo, maktab infratuzilmasi yetishmaydigan va boshlang‘ich ta’lim bilan bog‘liq muammolar eng dolzarb bo‘lgan hududlarni qamrab oladi. Loyiha orqali bolalar uchun zamonaviy va sifatli ta’lim sharoitlarini yaratish maqsad qilingan.
Dastur haqida
2030 yilgacha dastur uchta asosiy yo‘nalishda amalga oshiriladi. Birinchi yo‘nalish doirasida 50 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, maktab rahbari hamda ta’lim tizimi ma’murlarining pedagogik va boshqaruv salohiyati oshiriladi.
Ikkinchi yo‘nalishda yangi maktablar qurilib, mavjud ta’lim muassasalari kengaytiriladi. Natijada boshlang‘ich maktablar uchun qo‘shimcha 27 mingta o‘quv o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Uchinchi yo‘nalish esa ta’lim ma’lumotlarini yig‘ish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirishni nazarda tutadi. Bu maktablarda resurslarni samarali taqsimlash, rejalashtirishni ma’lumotlarga asoslash hamda ta’lim natijalarini yaxshilashga xizmat qiladi.
Dasturdan boshlang‘ich maktabning 1–4-sinflarida tahsil olayotgan qariyb 2 million nafar o‘quvchi foyda ko‘radi. Ularning yarmidan ko‘pi qizlar bo‘lib, loyiha ta’lim sifatini oshirish orqali kelajakda ularning mehnat bozoridagi imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki O‘zbekistonga qishloq infratuzilmasini rivojlantirish uchun 150 mln dollar ajratgan edi.





