Logo

JCH 2026: Meksika va Koreya g‘alabasi - sport dayjesti

Бугун 18:342 дақиқа

Futbol bo‘yicha to‘rt yillikning eng muhim musobaqasi startoldi. Vaqt.uz mazkur chempionat munosabati bilan 1 oy davomida chempionat o‘yinlaridan boxabar qilib boradi. Quyida biz yakuniga yetgan birinchi tur o‘yinlari haqida gaplashamiz.

Kecha, 11-iyun kuni futbol bo‘yicha 2026-yilgi Jahon chempionati start oldi. Bu yilgi turnirga AQSH, Meksika va Kanada mezbonlik qilmoqda. Shu bois, Jahon chempionati tarixida ilk marotaba 3 ta alohida ochilish marosimi tashkil etiladi.

Kechagi Meksika va Janubiy Afrika terma jamoalari o‘rtasidagi turnirning ochilish o‘yini avvalida kolumbiyalik mashhur qo‘shiqchi Shakira chiqish qilib, jahon chempionatining rasmiy madhiyasi hisoblangan “Dai Dai” qo‘shig‘ini ijro etdi. Bundan tashqari, marosimda Jey Balvin va janubiy afrikalik xonanda Tayla ham chiqish qilishdi.

Ochilish uchrashuvida Meksika terma jamoasi Janubiy Afrikani 2:0 hisobida mag‘lub etdi. “Asteka” stadionida o‘tgan bu bahsni braziliyalik hakam Vilton Sampayo boshqarib bordi.O‘yinning 9-daqiqasida Meksika terma jamoasining hujumchisi Xulian Kinones hisobni ochib, ushbu turnirning ilk goliga mualliflik qildi. Ikkinchi bo‘limning 49-daqiqasida esa Janubiy Afrika terma jamoasi yarim himoyachisi Yaya Sitxole qo‘pol harakati uchun qizil kartochka bilan jazolandi va maydonni tark etdi.

Shundan so‘ng, Meksikaning tajribali hujumchisi Raul Ximenes 67-daqiqada raqib jamoa darvozasiga gol urib, hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.

84-daqiqada VAR aralashuvidan so‘ng Afrika jamoasi hujumchisi Temba Zvane raqib futbolchisining yuziga zarba bergani uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka bilan maydondan chetlatildi. Natijada afrikaliklar bahsning qolgan qismini to‘qqiz kishi bo‘lib davom ettirishga majbur bo‘ldi.

Hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtning ikkinchi daqiqasida meksikalik himoyachi Sesar Montes ham qizil kartochka oldi. Va bu uchrashuvdagi uchinchi qizil kartochkaga aylandi. Musobaqalar tarixi uchun – rekord. Shunga qaramay, mezbonlar 2:0 hisobidagi ustunlikni saqlab qola oldi va muhim g‘alabani qo‘lga kiritishdi.
“A” guruhi doirasidagi ushbu uchrashuvdan so‘ng Meksika 3 ochko bilan turnir jadvalida birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Bugun tongda ushbu guruhning yana bir uchrashuviga guvoh bo‘ldik.

Unda Janubiy Koreya terma jamoasi Chexiya ustidan irodali g‘alabaga erishdi. “Estadio Akron” stadionida bo‘lib o‘tgan bahsda koreyslar Chexiyani 2:1 hisobida mag‘lub etdi.

Uchrashuvda hisobni chexiyaliklar ochdi. 59-daqiqada Ladislav Kreychi aniq zarbasi bilan jamoasini oldinga olib chiqdi. Biroq, ustunlik uzoq davom etmadi. Janubiy Koreya qisqa vaqt ichida o‘yin nazoratini qo‘lga olib, 67-daqiqada Hvan In Bomning goli evaziga muvozanatni tikladi. Bahs taqdirini esa 80-daqiqada O Hyon Gyu hal qildi. Uning goli osiyoliklarga mundialdagi dastlabki uch ochkoni taqdim etdi.

Mazkur natijadan so‘ng Janubiy Koreya Meksika bilan birgalikda guruhda peshqadamlar safidan joy oldi. Ikkinchi turda chexlar Janubiy Afrika Respublikasiga qarshi maydonga tushsa, Janubiy Koreya guruh yetakchiligi uchun Meksika bilan kuch sinashadi.

Теглар

Озодбек Абдумўминов

Озодбек АбдумўминовМақолалар сони: 7

Барчаси

Мавзуга оид