Joriy yildan ipoteka subsidiyalari avtomatik baholanadi

05.03.2026 | 09:102 дақиқа

2026-yildan O‘zbekistonda ipoteka subsidiyalarini baholash inson omilisiz avtomatik tizim orqali amalga oshiriladi.

Joriy yildan ipoteka subsidiyalari avtomatik baholanadi

O‘zbekistonda 2026-yil 1-apreldan boshlab ipoteka kreditlari uchun subsidiya ajratish jarayonida fuqarolarning ijtimoiy mezonlarga muvofiqligi avtomatik tarzda baholanadi. Bu prezidentning aholini uy-joy bilan ta’minlash va ko‘p qavatli uylar qurilishini samarali tashkil etishga qaratilgan farmonida belgilangan.

Yangi tartibga ko‘ra, subsidiya olish uchun ariza bergan fuqarolarning ijtimoiy mezonlarga mosligi Iqtisodiyot va moliya vazirligining subsidiya.idm.uz dasturiy tizimi orqali tekshiriladi. Tizim baholash jarayonini inson omilisiz amalga oshiradi. Bu arizalarni ko‘rib chiqishni tezlashtirish va qaror qabul qilishda subyektiv omillarni kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ipoteka kreditlari kimlarga ajratiladi?

Hujjatda ta’kidlanishicha, 2026-yildan boshlab ipoteka kreditlari budjet mablag‘lari hisobidan asosan rasmiy daromadga ega fuqarolarga ajratiladi. Shu bilan birga, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ham ipoteka kreditlaridan foydalanish imkoniyatiga bosqichma-bosqich ega bo‘ladi.

Xususan, 2026-yilda oxirgi bir yil, 2027-yilda oxirgi ikki yil va 2028-yildan boshlab oxirgi uch yil davomida ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliqni to‘liq to‘lab kelayotgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ipoteka kreditlarini olishi mumkin bo‘ladi.

Ipoteka omonati

Farmon bilan ipoteka bozorida yangi mexanizm — maqsadli ipoteka omonati tizimi ham sinov tariqasida joriy etiladi. Unga ko‘ra, fuqarolar tijorat banklarida maxsus ipoteka omonatini shakllantirib boradi. Jamg‘arilgan mablag‘lar va ular bo‘yicha hisoblangan foizlar keyinchalik uy sotib olish uchun ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalni to‘lashga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, ipoteka omonatini shakllantirgan fuqarolarga davlat budjetidan subsidiyalar ham ajratilishi mumkin. Bu mablag‘lar tijorat banklarining buyurtmasi asosida ipoteka omonatining eng kam miqdorini shakllantirish uchun oldindan o‘tkazib beriladi.

Bundan tashqari, ipoteka krediti ajratilganidan keyin dastlabki besh yil davomida kredit bo‘yicha hisoblangan foiz to‘lovlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan qismi davlat budjeti hisobidan subsidiya sifatida qoplanishi belgilangan.

Теглар

Мавзуга оид