KDB Bank Uzbekistan o‘z ulushi sotilishi haqidagi xabarlarga izoh berdi
Bank o‘z faoliyatini odatdagidek davom ettirayotganini ta’kidlagan.

Koreya taraqqiyot banki “KDB Bank Uzbekistan” AJdagi ulushini sotish bo‘yicha qaror qabul qilmagan. Bu haqda bank matbuot xizmati e’lon qilgan rasmiy bayonotda keltirilgan.
Qayd etilishicha, KDB Bank Uzbekistan Koreya taraqqiyot bankining xorijdagi muhim sho‘’ba banklaridan biri hisoblanadi. U o‘z faoliyatini bosh kompaniyaning doimiy ko‘magi ostida davom ettirmoqda.
Bank shuningdek, O‘zbekiston moliya sektori rivojiga hissa qo‘shish va mijozlarga moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha strategik maqsadlariga sodiq qolishini bildirgan.
KDB Bank Uzbekistan 1997 yilda UzDaewoo Bank nomi bilan tashkil etilgan. Bank Daewoo Securities kompaniyasining xalqaro faoliyatini kengaytirish doirasida tashkil qilingan.
2006 yilda Koreya taraqqiyot bankining kirib kelishi ortidan bank UzKDB Bank nomini olgan. 2011 yilda KDB RBS NB Uzbekistan bankning nazorat paketini sotib olishga qaror qilgan. 2013 yilda esa RBS NB Uzbekistan va UzKDB Bank birlashtirilib, KDB Bank Uzbekistan nomi ostida faoliyat yurita boshlagan.
Bankning rasmiy saytida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, uning aksiyadorlik kapitali quyidagicha taqsimlangan:
• Korea Development Bank — 86,32 foiz;
• O‘zbekiston Milliy tashqi iqtisodiy faoliyat banki — 10,31 foiz;
• «Turonbank» — 3,37 foiz.
Koreya taraqqiyot bankining o‘zi Janubiy Koreya hukumatiga to‘liq tegishli. Demak, KDB Bank Uzbekistan aksiyalarining asosiy qismi Janubiy Koreya davlat banki nazoratida.
Koreya taraqqiyot banki qanday tashkilot?
Korea Development Bank 1954 yilda Janubiy Koreya sanoatini rivojlantirish va yirik iqtisodiy loyihalarni moliyalashtirish maqsadida tashkil etilgan. Bank mamlakatdagi sanoat korxonalari va iqtisodiy rivojlanishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etadi.
KDB Bank Uzbekistan esa O‘zbekistonda tijorat banki sifatida faoliyat yuritadi. Uning mijozlari orasida xorijiy kompaniyalarning mahalliy sho‘’ba korxonalari, qo‘shma korxonalar, savdo va xizmat ko‘rsatish tashkilotlari, diplomatik vakolatxonalar hamda xalqaro kompaniyalarning vakilliklari bor.





