Kogon tumani hokim o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushdi

Бугун 10:182 дақиқа

Buxoro viloyatida fermerga suv ochib berish evaziga 15 ming dollar pora talab qilgan hokim o‘rinbosari qo‘lga olindi.

Kogon tumani hokim o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushdi © Kogon tumani hokimligi matbuot xizmati

Buxoro viloyati Kogon tumani hokimi o‘rinbosari Davlat xavfsizlik xizmati hamda prokuratura organlari xodimlari tomonidan pora olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Ma’lum qilinishicha, Buxoro tumanida shartnoma asosida dehqonchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fermer «Qum Sulton» massivida joylashgan ekin maydonlarini suv bilan ta’minlashda muammoga duch kelgan. Kogon tumani hududi orqali keladigan suv to‘xtatib qo‘yilgani sababli, u hokim o‘rinbosariga yordam so‘rab murojaat qilgan.

«Xizmat haqi»

Mansabdor esa suvni qayta ochib berishini va kelgusida bu borada muammo yuzaga kelmasligini aytgan. Buning evaziga u fermerdan 15 ming AQSH dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida hokim o‘rinbosari 12 ming AQSH dollarini olgan vaqtida qo‘lga tushgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan pul mablag‘lari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Hozirda mazkur mansabdorga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «b» va «v» bandlari — pora olish aybi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Sud qarori bilan unga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari yer ajratish evaziga 50 ming dollar pora talab qilgani uchun tezkor tadbirda qo‘lga olingan edi. Tergovga ko‘ra, u fuqaro S.R. Tillavoldiyevga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun Andijon viloyati Bobur shahri hududida joylashgan 20 sotix yer maydonini rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Ushbu jarayonda yerni auksionga chiqarish va keyinchalik uni ariza muallifi nomiga o‘tkazish masalasini hal qilib berishini bildirgan.

Теглар

Мавзуга оид