Logo

KXDR Rossiyaga 50 ming askar yubormoqchi. Ukraina urushi — Shimoliy Koreya uchun poligonmi?

Бугун 21:576 дақиқа

Bundan avvalroq jo‘natilgan 20 minglik kontingentning qariyb 6 ming nafari halok bo‘lgani yoki yaralanganiga qaramay, Pxenyan Moskvaga ko‘mak berishni to‘xtatmoqchi emas.

KXDR Rossiyaga 50 ming askar yubormoqchi. Ukraina urushi — Shimoliy Koreya uchun poligonmi?

Volodimir Zelenskiyning ta’kidlashicha, Pxenyan Rossiyani qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘z qo‘shinlari sonini keskin oshirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ukraina prezidenti 8-avgust kuni «Yedinыye novosti»ga bergan intervyusida Pxenyan Rossiya hududida 30 mingdan 50 minggacha harbiysini joylashtirishga qaror qilganini bildirdi. Biroq u mazkur ko‘rsatkichga ayni paytda frontda jang qilayotgan KXDR askarlari kirish-kirmasligiga aniqlik kiritmagan.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyining oxirida Zelenskiy Moskva 30 ming nafar shimoliy koreyalik harbiylarning yetib kelishini kutayotgani haqida gapirgan edi. O‘shanda Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi vakili Yun Min Xo jurnalistlarga Seulda bu borada rasmiy tasdiqlangan ma’lumot yo‘qligini ma’lum qilgan.

Shuningdek, Zelenskiy «Yedinыye novosti» dasturidagi chiqishida Shimoliy Koreya zamonaviy urush olib borish bo‘yicha qimmatli tajriba to‘playotganidan xavotir bildirdi. Shu munosabat bilan u Janubiy Koreyani havo hujumidan mudofaa va dronlar ishlab chiqarish sohasida Ukraina bilan hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi.

Ikki kun o‘tib, Ukraina rahbari Rossiya Pxenyandan qo‘shimcha ballistik raketalar olganini va ular Zaporoje shahriga zarba berishda qo‘llanilganini ma’lum qildi.

Rossiya va Ukraina urushida minglab shimoliy koreyaliklar halok bo‘ldi

2024 yilning yozida Rossiya va Shimoliy Koreya keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi. Mazkur hujjatda tomonlardan biriga hujum qilingan taqdirda o‘zaro harbiy yordam ko‘rsatish ham ko‘zda tutilgan. Shundan bir necha oy o‘tib, Pxenyan Rossiyaga o‘z qo‘shinlarini yubora boshladi. Tahlilchilarning fikricha, jami 14 mingdan 15 minggacha jangchi asosan Kursk viloyatida joylashtirilgan.

1

Keyinroq KXDR vayron bo‘lgan inshootlarni qayta tiklash va Kursk viloyati hududlarini minalardan tozalashda qatnashish uchun yana 5 ming harbiy quruvchi hamda ming nafar sapyorni jo‘natdi. Janubiy Koreya va Ukraina rasmiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga ballistik raketalar va millionlab artilleriya snaryadlarini ham yetkazib bergan.

Janubiy Koreya razvedkasi Rossiya tomonida jang qilib, halok bo‘lgan va yaralangan shimoliy koreyalik askarlar sonini taxminan 6 ming kishi deb baholamoqda. Pxenyan esa rasman hech qanday statistika e’lon qilayotgani yo‘q. O‘z navbatida, «NK Pro» yangiliklar portalining yozishicha, KXDR yetakchisi Kim Chen In 26-aprel kuni ochib bergan qurbonlar xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlikda 2288 nafar harbiyning ism-sharifi keltirilgan.

KXDRdan Rossiyaga yangi qo‘shinlarning yuborilishi haqiqatga aylanmoqdami?

13-avgust kuni Yaponiyaning «Kyodo News» axborot agentligi Ukraina harbiy razvedkasiga tayanib, shimoliy koreyalik harbiylarning yangi kontingenti jo‘natilishi haqiqatan ham kutilayotganini xabar qildi. Agentlik manbalarining ta’kidlashicha, noyabr oyining oxiriga qadar Rossiyaga 50 minggacha shimoliy koreyalik yetib kelishi mumkin. Ular Kursk, Bryansk va Belgorod viloyatlarida xizmat vazifasini o‘taydi. Bu esa Rossiyaning o‘z bo‘linmalarini frontning boshqa yo‘nalishlariga jalb qilish uchun imkoni yaratadi.

Janubiy Koreya parlamentining konservativ «Xalq kuchi» partiyasidan saylangan deputat Yu Yon Von Moskva va Pxenyan harbiy sohada tobora yaqinlashib borayotganini ta’kidlagan. Sobiq harbiy jurnalist bo‘lgan Yu Yon Von 2025 yilda va joriy yilning fevral oyida Ukrainaga tashrif buyurgan edi. Deputat so‘nggi tashrifi chog‘ida shimoliy koreyalik harbiylarning Rossiyaga jo‘natilishi haqidagi xabarlarni eshitganini aytdi: «Bu jarayonning haqiqatga aylanib borayotgani meni qattiq xavotirga solmoqda».

Uning so‘zlariga ko‘ra, 30 mingdan 50 minggacha jangchidan iborat ehtimoliy yangi kontingent — o‘tgan yili yuborilgan 20 ming kishilik harbiy va yordamchi xodimlar guruhidan son jihatdan sezilarli darajada katta.

«Qo‘shinlarning bunday ko‘chirilishi yuz berish-bermasligidan qat’i nazar, Pxenyan va Moskva o‘rtasidagi harbiy hamkorlikning muttasil kengayib borayotgani Seuldagi hukumat hamda harbiylarning jiddiy e’tiborini tortmoqda», — deya qayd etadi Janubiy Koreya deputati «DW» nashriga bergan intervyusida.

Shimoliy koreyaliklar Rossiya qo‘shinlarining orqa frontini qo‘riqlaydimi?

O‘z navbatida, Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati (NIS) sobiq direktorining o‘rinbosari va xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspert Xan Ki Bom bu masalaga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerakligini ta’kidlagan.

«Dastlab Ukraina yana 30 ming nafar harbiy xizmatchi yuborilishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. Biroq keyinchalik rejalashtirilayotgan bu ko‘chirish bo‘yicha aniq dalillar keltirmasdan, mazkur raqamni 50 minggacha oshirdi», — deya qayd etdi u «DW» nashriga bergan intervyusida.

«Shimoliy Koreyada o‘z mudofaa qobiliyatiga jiddiy putur yetkazmagan holda bunday miqdordagi qo‘shinni safarbar qilish uchun yetarlicha harbiylar mavjud. Mojaro boshi berk ko‘chaga kirib qolganiga qaramay, uzoq muddatli urush olib borayotgan mamlakat, shubhasiz, shaxsiy tarkib yetishmovchiligini sezadi. Shu tariqa, shimoliy koreyalik piyoda askarlar Rossiya qo‘shinlarining orqa frontini qo‘riqlashi va shu orqali ko‘proq rossiyalik harbiylarni Ukrainadagi front chizig‘iga o‘tkazish uchun bo‘shatib berishi mumkin», — deydi Xan.

Rossiya hukumati vakillari shimoliy koreyaliklarni jasurligi uchun maqtamoqda

Ekspertning fikricha, Pxenyan ham bunday hamkorlikdan manfaat ko‘rmoqda: «Shimoliy Koreya harbiylari yigirma birinchi asr urushida jangovar harakatlar olib borish tajribasini orttirmoqda va o‘z qurollarini real jang sharoitida sinovdan o‘tkazmoqda. Yanada yaqinroq aloqalar KXDRning raketa qurollari, harbiy-dengiz tizimlari va havo hujumidan mudofaa vositalari sohasidagi Rossiya texnologiyalari hamda tajribasidan foydalanish imkoniyatini kengaytirishi mumkin».

Xavfsizlik bo‘yicha ekspert, shuningdek, Shimoliy Koreyaning umumiy yo‘qotishlarini taxminan 6000 kishi deb baholamoqda. Ulardan qariyb 2000 nafari halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

2

«Mavjud hisob-kitoblarga ko‘ra, 1000 dan 2000 gacha jangchi va harbiy muhandislar allaqachon vataniga qaytgan. Xabarlarga ko‘ra, u yerda faxriylar va halok bo‘lganlarning oilalariga uy-joy hamda boshqa imtiyozlar berilgan. Shimoliy koreyaliklar dastlabki bosqichlarda katta yo‘qotishlarga uchradi, ammo jang sharoitlariga moslashgan sari ular samaraliroq harakat qila boshladi. Ularning hujumkor jang uslubi Rossiya prezidenti Vladimir Putin va hukumatning boshqa vakillari nega ularni jasurligi uchun maqtaganini yaqqol izohlaydi», — deya so‘zida davom etadi Xan.

Shimoliy koreyalik ayollar ham Rossiyaga jo‘natilmoqdami?

Seuldagi Butunjahon Shimoliy Koreyani o‘rganish instituti (WINKS) direktori An Chan Irning ta’kidlashicha, 50 ming kishilik kontingentni joylashtirish harbiy jihatdan to‘liq amalga oshirsa bo‘ladigan vazifa hisoblanadi. Shuningdek, u Pxenyan Rossiyaga «saralangan maxsus topshiriqli bo‘linmalar»ni yuborishini qayd etdi.

1979 yilda Janubiy Koreyaga qochib o‘tgan Anning tushuntirishicha, Shimoliy Koreyaning maxsus bo‘linmalari razvedka olib borish, to‘satdan hujum qilish va pistirmalar uyushtirish bo‘yicha yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rgan. Ular Kursk yo‘nalishida o‘z jangovar qobiliyatlarini allaqachon namoyish etib ulgurgan. Aynan mana shu jihatlar ularni Rossiya qo‘mondonligi uchun o‘ta qadrli kuchga aylantiradi.

3

«Biroq, agar 30 ming nafar harbiy xizmatchi joylashtiriladigan bo‘lsa, bu kontingent tarkibidan faqatgina maxsus bo‘linmalar emas, balki piyodalar, muhandislar, quruvchilar va hatto shifokor ayollar ham joy olishi ehtimoldan xoli emas. So‘nggi paytlarda Rossiyaga shimoliy koreyalik ayollar ham yetib kelgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Ammo hozircha ular tiklash ishlariga jalb qilinyaptimi yoki tibbiy xodim sifatidami, bunisi noma’lum», — deydi WINKS rahbari.

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush — KXDR harbiylari uchun o‘ziga xos poligon

Ekspertning ta’kidlashicha, urushdan qaytgan shimoliy koreyaliklar vatanida xizmatdoshlariga jangovar harakatlar olib borish bo‘yicha orttirgan qimmatli tajribalarini o‘rgatishi mumkin:

«Ulardan ba’zilari keyinchalik kichik ofitser yoki instruktor sifatida faoliyat yuritib, jang maydonida orttirgan malaka va bilimlarini butun qurolli kuchlarga ulashishi mumkin. Xususan, bu dronlardan foydalanish, razvedka olib borish va Ukrainadagi jangovar harakatlarning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha».

4

An Chan Irning ta’kidlashicha, yosh harbiylar Rossiyada dunyoning eng yopiq jamiyati sarhadlaridan tashqaridagi hayot bilan birinchi marta to‘qnash kelmoqda.

«Eng muhimi shundaki, jangovar yo‘qotishlarning keskin ortib ketishi urushni muvaffaqiyatli deb ko‘rsatishga bo‘lgan urinishlarini qiyinlashtirishi mumkin. Uncha katta bo‘lmagan yo‘qotishlarni jamiyatga qahramonlarcha berilgan qurbonlik sifatida taqdim etish mumkin. Biroq o‘n minglab qurbonlar va yaradorlar — bu azador oilalar hamda nogiron faxriylar demakdir. Oqibatda bu holat Shimoliy Koreyaning mazkur mojarodagi ishtirokini ichki muammoga aylantirib qo‘yishi mumkin», — deya xulosa qiladi ekspert.

Теглар

Мавзуга оид