Madaniyat va san’at yo‘nalishidagi tanlovlar g‘oliblarini 300 mln so‘mgacha mukofotlash tizimi joriy etildi

Бугун 09:402 дақиқа

Qolaversa, faol ijodkorlarga uch yil davomida O‘zbekiston bo‘ylab samolyot, poyezd va jamoat transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi hamda ularning davlat tibbiyot muassasalarida davolanish xarajati to‘liq qoplanadi.

Madaniyat va san’at yo‘nalishidagi tanlovlar g‘oliblarini 300 mln so‘mgacha mukofotlash tizimi joriy etildi © Foto: president.uz

2026 yil 1-sentabrdan boshlab madaniyat, san’at va adabiyot sohalaridagi nufuzli xalqaro va respublika tanlovlari g‘olib va sovrindorlariga 300 million so‘mgacha miqdorda bir martalik pul mukofoti beriladi. Shuningdek, yil davomida eng yaxshi natija ko‘rsatgan ijodkorlarga har oy 5 million so‘mlik gonorar to‘lab borish tartibi o‘rnatiladi. Bu haqda 2-iyun kuni qabul qilingan O‘zbekiston Prezidentining tegishli farmonida ma’lum qilindi.

Hujjatga ko‘ra, mukofot pullari Davlat budjeti hisobidan quyidagicha taqsimlanadi:

• Gran-pri va 1-o‘rin g‘olibiga — xalqaro tanlov bo‘yicha 300 million so‘m, respublika tanlovi bo‘yicha 100 million so‘m;

• 2-o‘rin sohibiga — xalqaro tanlovda 200 million so‘m, respublika miqyosida 50 million so‘m;

• 3-o‘rin egasiga — xalqaro tanlovda 100 million so‘m, respublika miqyosida 25 million so‘m.

Bundan tashqari, g‘olib va sovrindorlarni tayyorlagan o‘qituvchi (konsertmeyster)ning oylik maoshiga bir yil davomida 100 foizgacha ustama to‘lanadi. Ularning tanlovlarda ishtirok etish bilan bog‘liq xarajatlari davlat tomonidan to‘liq qoplab beriladi. Qayd etilishicha, ushbu qo‘llab-quvvatlash choralari xususiy sektorda faoliyat yurituvchi shaxslarga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Farmon bilan 2027 yildan boshlab har yili Milliy ijodkorlar qurultoyini o‘tkazish belgilandi. Ushbu qurultoyda eng yaxshi natija ko‘rsatgan ijodkorlar davlat hisobidan rag‘batlantiriladi. Ularga bir yil davomida har oy 5 million so‘m miqdorida gonorar to‘lanadi. Shuningdek, ushbu ijodkorlarga uch yil davomida O‘zbekiston bo‘ylab samolyot, poyezd va jamoat transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi hamda ularning davlat tibbiyot muassasalarida davolanish xarajati to‘liq qoplanadi.

Shu bilan birga, davlat budjeti mablag‘lari hisobidan yiliga kamida 50 ta eng sara asarlar yaratish uchun shoir va yozuvchilarga, shuningdek, opera, simfoniya kabi mumtoz va zamonaviy janrlar bo‘yicha kamida 20 ta yangi asar yaratish uchun ijodkorlarga davlat buyurtmasi berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Milliy adabiyotning eng sara 10 ta asarini xorijiy tillarga tarjima qilish va mualliflar ishtirokida chet ellarda taqdimotlar o‘tkazish xarajatlari ham to‘lab beriladi. Ushbu maqsadlar uchun 2026 yilda 25 milliard so‘m, 2027 yildan boshlab esa har yili 50 milliard so‘m ajratiladi.

Теглар

Мавзуга оид