Logo

Maosh kamligidan norozi bo‘lgan Belarusdagi o‘zbekistonliklar bo‘yicha izoh berildi

Migratsiya agentligining Vaqt.uz’ga bergan izohiga ko‘ra, ularni olib borish va ishga joylashtirishni Andijon viloyati hokimligi pilot loyiha sifatida boshlagan.

Maosh kamligidan norozi bo‘lgan Belarusdagi o‘zbekistonliklar bo‘yicha izoh berildi © Ijtimoiy tarmoqlar

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondan Belarusga ishlashga yuborilgan 10 dan ortiq kishiga u yerda juda kam maosh taklif qilingani aytilgan video tarqalgandi. Migratsiya agentligi matbuot kotibi Gulruh To‘layevaning Vaqt.uz’ga ma’lum qilishicha, ishchilarni tanlash, ularni olib borish va ishga joylashtirishni Andijon viloyati hokimligi pilot loyiha sifatida yo‘lga qo‘ygan.

Agentlik so‘zlovchisiga ko‘ra, agar ish beruvchi migrantlarga shartnomada ko‘rsatilgan ish haqini berishdan bosh tortsa yoki shartlarga amal qilmasa, ishchilar boshqa ishga o‘tkaziladi. Agar ular bunga ham ko‘nmasa, ularning O‘zbekistonga qaytishiga yordam beriladi.

«Biz faqat ishchini unga yuborilayotgan mamlakatdagi eng kam ish haqidan kam bo‘lmagan maosh beriladigan bo‘lsa yuboramiz. Hozirgi vaziyatda barcha ishlar Andijon hokimligi tomonidan tashkillashtirilgan. Bu muammo bugun kechgacha hal qilinadi», — deydi u.

To‘layevaning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik investorlar Belarusga fermer xo‘jaliklarini tashkil etish uchun borgan. Ularga ham vatandoshlarni ishga joylashtirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Shartnomada o‘rtacha oylik ish haqi 900–1000 dollar etib ko‘rsatilgan, eng yuqori maosh esa 1200 dollar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8–9-iyul kunlari Belarusga rasmiy tashrif bilan borgandi. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston rahbari bilan Minskda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda o‘zbekistonliklarni oilasi bilan birga Belarusga ko‘chib borib, u yerda ishlashga chaqirgandi. U o‘z rahbarligi ostidagi mamlakatda mehnatkash va malakali kadrlar tanqisligini aytib, O‘zbekistonda suv va yer bilan bog‘liq muammoli masalalarga to‘xtalgandi. Uning aytishicha, bunday muammolar Belarusda yo‘q.

Shu bois u o‘zbekistonliklarni vataniga taklif qilgandi. 14-iyul kuni Lukashenko Vitebsk viloyati va O‘zbekistonning Andijon viloyati o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari bilan tanishdi. Uning Orsha tumaniga ishchi tashrifida Andijon hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ham ishtirok etdi. Abdurahmonov Vitebskda ishchilarga yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuvda Lukashenko Abdurahmonovga shunday degan:

«Biz aka-ukadek hamkorlik qilamiz! Bunga shubha qilmasangiz ham bo‘ladi».

Lukashenko O‘zbekistondan borgan ishchilarni uy-joy bilan ta’minlash masalasiga ham to‘xtalgan.

«Qishloqlarimizda yashash uchun munosib uy-joylar bor. Ularni birgalikda tartibga keltiramiz. Yangi quriladigan barcha inshootlarni odamlar uchun quramiz. O‘zbekistonliklar bilan belarusliklar o‘rtasida hech qanday farq bo‘lmaydi. Bolalaringiz ham belaruslik bolalar kabi bir xil shartlar asosida bog‘cha va maktabga boradi. Bu yerga kelgan insonlar o‘zlarini biz uchun begona emasligini his qilishi kerak. Biz buning uchun barcha sharoitlarni yaratamiz. Faqat ular sidqidildan mehnat qilsa bo‘ldi», — degan Belarus rahbari.

Lukashenko Andijon viloyati hokimini faqat Vitebsk viloyatiga emas, balki boshqa hududlarga ham e’tibor qaratishga chaqirdi. Uning aytishicha, Mogilyov viloyatining janubi-sharqiy qismida ham shunga o‘xshash hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyati mavjud. Bu hududni rivojlantirish dasturi allaqachon ishlab chiqilgan.

«Biz bu dasturni bekor qilmaymiz. U yerda turli imtiyozlar va rag‘batlantirish choralari mavjud. Eng muhimi esa — odamlar. Ular kelib ishlasin. Endi qancha odam va qanday mutaxassislar kerakligini aniqlashimiz lozim. Hukumat hozir aynan shu masala ustida ishlayapti va sizga aniq hisob-kitoblarni taqdim etadi», — degan u.

O‘zbekiston fuqarolarini nafaqat qishloq xo‘jaligiga, balki qurilish, sanoat, xizmat ko‘rsatish sohasi hamda kichik tibbiyot xodimlari sifatida ishlashga ham jalb etish rejalashtirilgan. Ta’kidlanishicha, yaqinda Belarusga 250 nafar o‘zbekistonlik yetib borib, ularning barchasi ish bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, Andijon viloyatidan yana 5 ming kishi Vitebsk viloyatiga borishi bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Ular sentabr oyidan boshlab har safar 500 nafardan borishni boshlaydi. Vitebsk viloyatida ularni qabul qilish uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi.

Andijon hokimi Abdurahmonov Belarusga ishlashga borgan o‘zbekistonliklar mehnatkash ekanini aytib, Lukashenkoni bunga ishontirgan.

Теглар

Мавзуга оид