Logo

Markaziy bank banklarga yangi majburiyat yukladi

Бугун 18:162 дақиқа

Endi banklar faqat murojaatlarni ko‘rib chiqish emas, balki takroriy qoidabuzarliklarga sabab bo‘layotgan muammolarni ham bartaraf etishi shart bo‘ladi.

Markaziy bank banklarga yangi majburiyat yukladi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Markaziy bank bank xizmatlari iste’molchilari bilan ishlash bo‘yicha tijorat banklariga qo‘yiladigan minimal talablarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritdi. Tegishli qaror 2026-yil 1-avgust kuni Adliya vazirligida 3030-12-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi va bir oydan keyin kuchga kiradi.

Yangi tahrirdagi nizomga ko‘ra, tijorat banklari murojaatlarni ko‘rib chiqishda faqat aniqlangan qoidabuzarliklarni emas, balki ularni keltirib chiqargan sabablarni ham bartaraf etishi shart bo‘ladi.

Markaziy bank bu yondashuv takroriy muammolarning oldini olish va iste’molchilar huquqlarini samaraliroq himoya qilishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Hujjatda ilk bor «tizimli kamchilik» tushunchasiga huquqiy ta’rif berildi. Shuningdek, ushbu kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha namunaviy harakatlar rejasi shakli ham tasdiqlandi.

Nazorat kuchaytiriladi

Yangi talablarga muvofiq, bank boshqaruvi murojaatlar bilan ishlash natijalarini har chorak va yil yakunlarida muhokama qilishi, aniqlangan tizimli kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha harakatlar rejasini tasdiqlashi lozim.

Mazkur qarorlar va tahliliy ma’lumotlar ichki audit xizmatiga taqdim etiladi. Ichki audit esa ushbu hujjatlar asosida monitoring o‘tkazib, topshiriqlar ijrosini nazorat qiladi hamda har chorak va yil yakuni bo‘yicha bank boshqaruvi hamda kuzatuv kengashiga xulosa kiritadi.

Nizomda qaysi holatlar «tizimli kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmagan» deb baholanishi ham aniq belgilab berildi.

Jumladan, harakatlar rejasining tasdiqlanmasligi, belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilmasligi yoki kamchiliklar saqlanib qolishi shunday holatlar qatoriga kiritildi.

Hisobotlar oshkoralashadi

Markaziy bank talabiga ko‘ra, banklar murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish natijalari bo‘yicha choraklik sharhlarni hisobot choragidan keyingi oyning 20-sanasigacha, yillik sharhlarni esa har yili 15-fevralga qadar rasmiy veb-saytlarida e’lon qilishi shart.

Bundan tashqari, bank aksiyadorlarining yillik umumiy yig‘ilishida tasdiqlanadigan yillik hisobotga murojaatlar bilan ishlash natijalari ham kiritiladi. Shuningdek, banklar boshqaruv qarorlari va tizimli kamchiliklar bartaraf etilgani haqidagi ma’lumotlarni belgilangan muddatlarda Markaziy bankka taqdim etishi lozim bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank 2026 yil I chorak yakuniga ko‘ra, murojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega bo‘lgan banklar ro‘yxatini e’lon qilgandi.

Теглар

Мавзуга оид