Markaziy bank valuta intervensiyalari strategiyasini ishlab chiqadi
Markaziy bank 2026-yil oxirigacha valuta intervensiyalarini riskka asoslangan tarzda amalga oshirish strategiyasini ishlab chiqadi. Shuningdek, valuta xatarlarini xedjirlash tizimi joriy etiladi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaMarkaziy bank 2026-yil oxirigacha ichki valuta bozoridagi intervensiyalarni riskka asoslangan yondashuv asosida amalga oshirish strategiyasini ishlab chiqadi. Bu haqda regulyatorning 2026 yil birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha ichki valuta bozori sharhida ma’lum qilindi.
Hujjatga ko‘ra, kelgusi chora-tadbirlar valuta bozorining samaradorligi va barqarorligini oshirishga qaratilgan.
Xususan, valuta bozorida market-meykerlik institutini rivojlantirish, valuta kursini shakllantirishda tijorat banklarining rolini kuchaytirish hamda bozor infratuzilmasini takomillashtirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, hisob-kitob, kliring va bozor monitoringi tizimlarini modernizatsiya qilish orqali valuta operatsiyalarining shaffofligi va samaradorligini oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Xedjirlash tizimi joriy etiladi
Markaziy bank kelgusi bir yarim yil davomida valuta xatarlarini boshqarish mexanizmlarini ham kengaytirishni rejalashtirgan. Buning uchun valuta xatarlarini xedjirlash amaliyotini joriy etish, shu jumladan hosila moliyaviy vositalardan foydalanish bo‘yicha huquqiy va institutsional asoslar mustahkamlanadi.
Bu mexanizmlar importyorlar, eksportyorlar va valutada majburiyatlarga ega korxonalarga kurs o‘zgarishidan kelib chiqadigan moliyaviy tavakkalchiliklarni kamaytirish imkonini berishi kutilmoqda.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil yanvar—iyun oylarida yuridik shaxslar valuta taklifining o‘sishi, eksport tushumlari hamda xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining ortishi milliy valuta kursining nisbatan barqaror shakllanishiga xizmat qildi.
Hisobot davrida dollar kursi 11 935 so‘mdan 12 320 so‘mgacha bo‘lgan oraliqda harakatlandi. Iyun oyi yakunida esa bir AQSH dollarining rasmiy kursi 12 009 so‘mni tashkil etib, yil boshiga nisbatan deyarli o‘zgarishsiz qoldi.
XVJ bahosi o‘zgardi
Markaziy bank qayd etishicha, Xalqaro valuta jamg‘armasi iyun oyida e’lon qilingan IV modda bo‘yicha hisobotida O‘zbekistonning valuta kursi rejimini «crawl-like» toifasidan «floating» toifasiga qayta baholadi.
Regulyator ma’lum qilishicha, bugungi kunda Janubiy Koreya, Yangi Zelandiya, Malayziya, Turkiya, Tailand, Armaniston va Qozog‘iston kabi jami 33 mamlakat aynan shunday almashuv kursi rejimidan foydalanadi.
XVJ bahosiga ko‘ra, almashuv kursining moslashuvchanligi inflyatsion targetlash samaradorligini oshirish va tashqi iqtisodiy shoklar ta’sirini yumshatishning muhim sharti hisoblanadi. Markaziy bank esa mazkur qayta tasniflashni mamlakatda makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, inflatsiyani pasaytirish va iqtisodiyotning tashqi xavflarga chidamliligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi sifatida baholamoqda.





