Markaziy Osiyo–Buyuk Britaniya: yangi muloqot formati ishga tushdi

27.02.2026 | 07:552 дақиқа

Londonda ilk vazirlar uchrashuvi o‘tkazildi va savdo va investitsiya kun tartibi belgilab olindi.

Markaziy Osiyo–Buyuk Britaniya: yangi muloqot formati ishga tushdi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Londonda bo‘lib o‘tgan ilk «Markaziy Osiyo – Buyuk Britaniya» vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi. Tadbir Buyuk Britaniya tashqi ishlar, Hamdo‘stlik va taraqqiyot bo‘yicha davlat kotibi Ivett Kuper raisligida o‘tkazildi.

Uchrashuvda mintaqaning iqtisodiy rivojlanish istiqbollari, savdo va investitsiyalarni diversifikatsiya qilish, sanoat hamkorligi va ikki tomonlama aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar barqaror infratuzilma, strategik ahamiyatga ega mineral resurslar va qayta tiklanuvchi energetika salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha ham fikr almashdi.

 

Iqtisodiy kun tartibi

Ivett Kuper o‘z nutqida Markaziy Osiyoni barqaror o‘sish sur’atlariga ega, mintaqaviy kooperatsiyani kuchaytirayotgan va xalqaro jarayonlarda roli ortib borayotgan dinamik hudud sifatida ta’rifladi. U mamlakatlar o‘rtasida pragmatik yondashuv va o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.

Muhokamalarda Markaziy Osiyoning resurs va tranzit salohiyatini Britaniyaning moliya, texnologiya, regulyator standartlar va ta’lim sohalaridagi imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

 

«S5+UK» formati

Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari «S5+UK» formati samarali va tuzilgan muloqot mexanizmi ekanini qayd etdi. Bu format mintaqaviy kun tartibini kompleks ko‘rib chiqish va umumiy manfaatlar asosida hamkorlikni rivojlantirish imkonini beradi.

Tomonlar savdo, transport, investitsiya hamda zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha yangi qadamlarni belgilash zarurligini ta’kidladi. Qayd etilishicha, «S5+UK» uzoq muddatli va tizimli hamkorlikni shakllantirish uchun muhim platformaga aylanishi kutilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид