Martda aholi eng ko‘p kommunal xizmatlar va oziq-ovqat qimmatlashganini sezdi
O‘zbekistonda mart oyida sezilgan inflatsiya pasaygan bo‘lsa-da, aholi asosan kommunal xizmatlar hamda go‘sht va sut mahsulotlari narxlari oshganini qayd etdi.
© Javhar Chorshanbiyeva2026 yil mart oyida aholi tomonidan sezilgan inflatsiya fevralga nisbatan 0,5 foiz bandga pasayib, 11,1 foizni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bankning aholi va tadbirkorlar orasida o‘tkazgan so‘rovnoma natijalarida ma’lumot berilgan.
Hududlar kesimida eng yuqori inflatsiya Toshkent shahrida qayd etildi — 13,3 foiz. Eng past ko‘rsatkich esa Namangan viloyatida kuzatilib, 10 foizni tashkil etdi.

Manba: Markaziy bank
Qimmatlashgan va arzonlashgan mahsulotlar
Mart oyida ayrim oziq-ovqat va xizmat turlari arzonlashgan. Xususan, meva-sabzavotlar, tuxum, yo‘lkira va tashish xizmatlari narxlari nisbatan pasaygan. Shuningdek, ijara to‘lovlarida ham ma’lum darajada tushish kuzatilgan.
Ayni paytda, go‘sht va sut mahsulotlari, elektr energiyasi va tabiiy gaz, shuningdek, kafe va restoran xizmatlari narxining oshganini qayd etganlar ulushi ortib borgan.

Manba: Markaziy bank
Aholi guruhlari bo‘yicha farqlar
Sezilgan inflatsiya darajasi turli ijtimoiy guruhlarda farq qilmoqda. Eng yuqori ko‘rsatkich ishlab chiqarish sohasi vakillari orasida — 13,0 foiz, eng past ko‘rsatkich esa tashish xizmatlari xodimlari orasida — 10,2 foiz bo‘lgan.

Manba: Markaziy bank
Daromad darajasi yuqori bo‘lgan aholi orasida inflatsiyani sezish darajasi yanada baland bo‘lib, oyiga 30 mln so‘mdan ortiq daromadga ega guruhlarda bu ko‘rsatkich 16,7 foizni tashkil etgan.

Manba: Markaziy bank
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonliklar eng ko‘p kommunal xizmatlar narxi oshishidan xavotirda ekanligi haqida xabar berilgan edi.





