Logo

May oyida Toshkentda jamoat transportidan foydalanuvchilar soni qisqardi

Бугун 12:252 дақиқа

Amalga oshirilgan tranzaksiyalar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan avtobuslarda 9 foizga, metropolitenda 3 foizga kamaygan.

May oyida Toshkentda jamoat transportidan foydalanuvchilar soni qisqardi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

2026 yil may oyida ATTO tizimi orqali respublika bo‘yicha 67,4 mln tranzaksiya amalga oshirildi. Bu 2025 yilning shu davriga nisbatan 10 foizga yuqori ko‘rsatkichdir. O‘tgan yil mayida ushbu raqam 61,3 millionni tashkil etgandi.

Toshkent shahrida avtobus transporti orqali amalga oshirilgan to‘lovlar ikki oydan buyon kamaymoqda. May oyida avtobuslarda 33,3 million tranzaksiya qayd etildi. Bu 2025 yilning shu davridagi 36,5 million tranzaksiyaga nisbatan 9 foizga kam. Aprel oyida esa yillik pasayish 2 foizni tashkil etgan edi.

Metropolitenda amalga oshirilgan tranzaksiyalar ham qisqardi. May oyida metro orqali 16,8 million to‘lov amalga oshirildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 foizga kam. Taqqoslash uchun, 2025 yil may oyida metroda 17,4 million tranzaksiya qayd etilgan.

Pasayish faqat yillik hisobda emas, oylik dinamikada ham yaqqol ko‘rinmoqda. Aprel oyida metro orqali 18,9 million to‘lov amalga oshirilgan bo‘lsa, may oyida bu ko‘rsatkich 16,8 milliongacha qisqardi.

Natijada, may oyida Toshkentdagi har ikki asosiy jamoat transporti turi — avtobus va metropolitenda to‘lovlar soni kamaydi. Bu esa shahar aholisining jamoat transportidan foydalanish faolligi susayganini ko‘rsatmoqda.

Hududlardagi ko‘rsatkichlar

Eng yuqori tranzaksiya hajmi Samarqand shahrida qayd etildi. Bu yerda operatsiyalar soni 2,2 milliondan 4,3 milliongacha ko‘paygan. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona (1,0 milliondan 1,6 millionga), Namangan (1,1 milliondan 1,6 millionga) va Qarshi (905 mingdan 1,6 millionga) shaharlari joylashdi.

Shuningdek, Urganch, Andijon va Buxoro shaharlarida ham yuqori o‘sish qayd etildi. Urganchda tranzaksiyalar soni 891 mingdan 1,2 millionga, Andijonda 306 mingdan 1,2 millionga, Buxoroda esa 95 mingdan 1,1 millionga yetgan.

Nisbatan yuqori o‘sish sur’atlari Jizzax, Navoiy, Guliston, Termiz va Olmaliq shaharlarida ham kuzatildi. Ayrim yangi yo‘nalishlarda esa o‘sish yanada jadal bo‘lib, Nurafshon va Shahrisabz shaharlarida o‘tgan yilda tranzaksiyalar qayd etilmagan bo‘lsa, joriy yilda mos ravishda 100 ming va 291 ming operatsiya amalga oshirildi.

Faqatgina ikki hududda jamoat transportidan foydalanuvchilar soni: Zarafshonda 3,2 mingdan 573 taga, Chirchiqda esa 14,5 mingdan 3,4 mingtaga kamaydi.

Raqamli to‘lovlar kengaymoqda

Bank kartalari orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar soni bir yil ichida 42 foizga oshib, 46,7 milliontaga yetdi. Aksincha, transport kartalari orqali to‘lovlar 30 foizga kamayib, 13,8 milliontani tashkil qildi.

Eng katta o‘zgarish metro to‘lovlarida kuzatildi. QR-chiptalardan foydalanish bir yil ichida 75 foizga qisqargan bo‘lsa, mobil QR-kod orqali to‘lovlar soni 22 foizga oshdi. Avtobuslarda ham raqamli to‘lovlarga qiziqish ortib, mobil QR-koddan foydalanuvchilar soni 10 foizga ko‘paydi.

Shu bilan birga, ATTO virtual kartalari orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar 10 foizga kamayib, 488 mingtani tashkil qildi.

Теглар

Мавзуга оид