Logo

MBA kerakmi yoki sport hujjatli filmining o‘zi yetarlimi?

Бугун 19:556 дақиқа

Biznes maktablari strategiya va jamoa boshqaruvini nazariyalar orqali o‘rgatadi. Sport hujjatli filmlari esa shu muammolarni bosim, mag‘lubiyat va ichki ziddiyatlar orasida ko‘rsatadi. Biroq kiyinish xonasidagi usullarni ofisga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirish ham xato: sportda natija tez va aniq o‘lchanadi, kompaniyada esa yaxshi boshqaruvning ta’siri darhol ko‘rinmasligi mumkin.

MBA kerakmi yoki sport hujjatli filmining o‘zi yetarlimi?

Dunyoning yetakchi biznes maktablari bilim bilan birga sertifikat sotishni ham tobora ko‘paytirmoqda. Komputeri va ortiqcha puli bor odam turli onlayn dasturlarda o‘qib, nufuzli universitet sertifikatini olishi mumkin.

Masalan, Harvard Business School sun’iy intellekt yordamida yaratilgan professorlardan 699 dollarga dars olish imkonini taklif qilmoqda.

1

Harvard Business School kampusi. Foto: Ajay Suresh/Wikimedia Commons

Biroq biznesni tez va undan ham arzon o‘rganishning boshqa yo‘li bor. Buning uchun Amazon «kolleji» yoki Netflix «universiteti»dagi sport hujjatli filmlarini tomosha qilish kifoya, deb yozadi The Economist.

Sport hujjatli filmlari odatda boshqaruv bo‘yicha tavsiya etiladigan adabiyotlar qatoriga kirmaydi. Ammo menejment nazariyalari va murabbiylarning kiyinish xonasidagi nutqlari bir vaqtda, ikki xil tilda deyarli bir xil muammolar haqida gapirib kelgan.

Masalan, biznes nazariyotchisi Kleyton Kristensen 1990-yillar o‘rtalarida «disruptive innovation» — bozordagi eski tartibni buzadigan innovatsiyalar haqida yozayotgan edi. Xuddi shu davrda Britaniya televideniyesi Angliya terma jamoasi murabbiyi haqidagi tushkun ruhdagi «Graham Taylor: An Impossible Job» hujjatli filmini namoyish etdi.

2005-yilda esa INSEAD’ning ikki professori kompaniyalarga raqobat kam bo‘lgan «moviy okean» bozorlarini izlashni maslahat berdi. Ingliz murabbiyi Nil Uornok esa futbolchilariga ancha sodda ko‘rsatma bergan: o‘yindan zavqlanish mumkin, faqat intizomni bir lahza ham unutmaslik kerak.

Netflix’dagi MBA dasturi

Hozir vaziyat teskariga aylangandek. Yirik boshqaruv g‘oyalari biznes maktablarida kamayib borayotgan bir paytda, sport kiyinish xonalari ularga to‘lib ketgan.

Pandemiya davrida Formula 1 jamoalari haqidagi «Drive to Survive» hamda «Chicago Bulls»ning 1997/98-yilgi mavsumiga bag‘ishlangan o‘n qismli «The Last Dance» katta auditoriya to‘pladi. Shundan so‘ng striming platformalari tomoshabinlarning sport falsafasiga qiziqishi katta degan xulosaga keldi.

Natijada faqat Netflix’da 2026-yilning o‘zida erkaklar futboli haqida chiqqan filmlardan butun boshli MBA dasturi tuzish mumkin.

Kompaniyani inqirozdan olib chiqish bo‘yicha dars uchun «Liverpool»ning 2005-yilgi Chempionlar ligasi finalidagi qaytishiga bag‘ishlangan film mos keladi. Hujjatli film 78 daqiqa davom etadi, «Liverpool»ning uchta gol urib hisobni tenglashtirishi esa olti daqiqa vaqt olgan.

Yangi bozorlarga chiqishni rejalashtirayotgan rahbar «Norway: The Dark Horse» orqali Skandinaviya boshqaruvi bilan tanishishi mumkin. «The Bus: A French Football Mutiny» esa zaharli ish muhitiga bag‘ishlangan tayyor keys vazifasini bajaradi.

To‘g‘ri, bunday filmlarning aksariyatida o‘zini maqtash ko‘p, amaliy boshqaruv darslari esa kam. Amazon’ning Pep Gvardiola haqidagi «A Beautiful Obsession» seriali bu borada kam uchraydigan istisno.

Gvardiola boshqarayotgan milliard dollarlik biznes

«A Beautiful Obsession» Gvardiolaning «Manchester City»dagi so‘nggi davrini ko‘rsatadi. U oddiy futbol jamoasini emas, yillik daromadi qariyb 1 mlrd dollarga yetadigan yirik biznesni boshqargan.

2


Pep Gvardiola «Manchester City» futbolchilari bilan kiyinish xonasida. Foto: Tom Flathers/Amazon

Uning faoliyati har hafta aniq hisob bilan baholanar edi. Bundan tashqari, Gvardiola bir vaqtning o‘zida mahalliy va global brend uchun javobgar. Bir tomonda «Oasis» guruhi a’zosi Noel Gallaxer kabi oddiy muxlislar, ikkinchi tomonda klub rahbari Xaldun al-Muborak turadi.

Ko‘pchilik boshqaruv nazariyalari bitta asosiy g‘oyaga tayanadi. Gvardiolaning muvaffaqiyati esa bir-biriga zid usullarni bir vaqtda qo‘llashida.

Bir o‘yin oldidan u futbolchilardan kiyinish xonasida bir-birini quchoqlashni talab qiladi. Jamoa yutqazgach esa qarorlaridan norozi qiyofani ko‘rsa, futbolchilarni «o‘ldirishini» aytib, ularga dag‘dag‘a qiladi.

Kiyinish xonasida oddiy korporativ iboralarni asosan jamoa sardori Kayl Uoker ishlatadi. U futbolchilarga maydonda birga bo‘lish kerakligini eslatadi. Biroq birinchi qism oxiridayoq uning o‘ziga eshik ko‘rsatiladi.

Biznes maktablarida yangi g‘oya sifatida taqdim etiladigan ayrim xulosalar sportda allaqachon oddiy haqiqat hisoblanadi.

Masalan, The Economist keltirgan tadqiqotda olimlar neyron tarmoqlarga asoslangan mashinaviy o‘rganish yordamida qiyin davrda kompaniya boshqarish rahbarlarni tezroq qaritishini aniqlagan. 

Gvardiola buni ilmiy modelsiz ham ko‘rsatadi: kuchli bosim paytida boshini tirnab, yuzida va boshida qizil izlar qoldiradi.

3

Pep Gvardiola 2024 yil noyabrda «Manchester City» — «Feyenoord» o‘yinidan keyin. Foto: Amazon Prime

«Manchester City»dagi boshqaruvda raqamlashtirish ham bor. Futbolchilar 43 xil ko‘rsatkichdan iborat model asosida baholanadi va natijalar kadrlar bo‘yicha qarorlarda ishlatiladi. Shunga qaramay, professional sport oq doska hali ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan so‘nggi sohalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Nega oddiy kompaniyani Gvardioladek boshqarib bo‘lmaydi?

Ko‘pchilik rahbarlar uchun Gvardiolaning kiyinish xonasi begona va noqulay joy bo‘lib ko‘rinadi. Buning bir sababi — u yerda ayollar yo‘qligi. Asosiy sabab esa futbolchilar va murabbiyning g‘alabaga oddiy kompaniya xodimlaridan ancha kuchliroq bog‘langanidir.

Buning yomon tomoni yo‘q. Avtomobil ehtiyot qismlari sotadigan kompaniyaning o‘rta bo‘g‘in rahbarlari Gvardiola uslubida ishlasa, tashkilot xodimlar uchun chidab bo‘lmas joyga aylanishi mumkin.

Ammo iqtisodiyotda natijasi kam sonli noyob mutaxassislarga bog‘liq tashkilotlar ham ko‘paymoqda. Sun’iy intellekt laboratoriyalari va xej-fondlar shular jumlasidan. Ularda bir nechta yulduz xodimning salohiyatidan maksimal foydalanish butun biznes natijasini belgilashi mumkin.

Bunday kompaniyalar ichida boshqaruv qanday ishlashini kuzatish deyarli imkonsiz. Professional sport esa ayni jarayonni kameralar orqali ochib beradi. Gvardiolani biznes rahbarlari uchun qiziqarli qiladigan jihat ham shu.

Investorlar uchun ham tayyor dars

Sport klublari va ligalarini milliardlab dollarga sotib olayotgan investorlar uchun hujjatli filmlar shunchaki ko‘ngilochar mahsulot emas.

Ular sport jamoasi oddiy aktivdan farq qilishini ko‘rsatadi. Klubning stadioni, futbolchilari va media huquqlarini sotib olish mumkin. Ammo muxlislarning unga bo‘lgan munosabatini shartnoma bilan boshqarib bo‘lmaydi.

4


«Michael is Basketball!» plakatini ko‘targan «Chicago Bulls» muxlislari. Chikago, 1998 yil aprel. Foto: Jonathan Daniel/Allsport/Getty Images

Shu sabab moliyaviy tomondan jozibador ko‘ringan yangi liga, xususiylashtirish yoki rebrending loyihasi muxlislarning qarshiligi tufayli muvaffaqiyatsiz tugashi mumkin.

Sport franshizalariga rekord miqdorda pul tikayotgan investorlar hujjatli filmlarni o‘ziga xos tekshiruv vositasi sifatida ko‘ra oladi. Ular daromad va xarajatlarni emas, moliyaviy modelda ko‘rinmaydigan omil — muxlislarning hissiy bog‘liqligini tushuntiradi.

Sport AI’dan himoyalangan biznesmi?

Sport jamoalari o‘ziga xos institut hisoblanadi. Milliarderlarga ular nufuz va ta’sir olib keladigan qimmat aktivdir. Shu bilan birga, klub chipta, reklama, translyatsiya va homiylik huquqlarini sotadigan yirik biznes hamdir.

Eng muhimi, ko‘pchilik sportni sun’iy intellekt ta’siriga nisbatan chidamli sohalardan biri deb hisoblaydi.

Bu fikrning sodda talqiniga ko‘ra, AI film, musiqa yoki tasvir yarata olishi mumkin, ammo haqiqiy sport musobaqasini yaratolmaydi. Tomoshabinni o‘yinga jalb qiladigan asosiy jihat — natijaning oldindan noma’lumligi va maydondagi voqealar haqiqiy ekanidir.

Kengroq taxmin esa shundan iboratki, AI odamlarning bir qismini ishsiz qoldirsa yoki ularning ish vaqtini qisqartirsa, bo‘shagan vaqtning katta qismi sportga sarflanishi mumkin. Jamoalar nafaqat e’tibor, balki odamlar shaxsiyati va jamiyatdagi o‘rnining bir qismiga aylanadi.

Bunday dunyoda jamiyatning eng ko‘p tinglanadigan faylasufi universitet professori yoki kompaniya rahbari emas, sport jamoasi murabbiyi bo‘lishi mumkin. Uning asosiy asari esa kitob emas, Netflix’dagi kiyinish xonasi haqidagi hujjatli serial bo‘ladi.

Теглар

Мавзуга оид

MBA kerakmi yoki sport hujjatli filmining o‘zi yetarlimi? | Vaqt.uz