Logo

«Microsoft»da «qizil kod» joriy etildi

12–13-noyabr kunlari yuz bergan va qariyb bir sutka davom etgan texnik nosozlik «Microsoft» tarixidagi eng yirik uzilishlardan biriga aylandi. «Reuters» qo‘lga kiritgan ichki hujjatlar kompaniyaning favqulodda ish rejimiga o‘tganini ko‘rsatmoqda.

«Microsoft»da «qizil kod» joriy etildi © REUTERS

 «Microsoft» 12–13-noyabr kunlari yuz bergan yirik texnik nosozlikdan keyin kompaniya ichida «Code Red» («Qizil kod») deb nomlangan favqulodda ish rejimini joriy etdi. Qariyb 24 soat davom etgan uzilish «Exchange Online», «Outlook», «Teams», «Copilot» va «Microsoft 365» ekotizimidagi boshqa xizmatlarga ta’sir ko‘rsatdi.

Kompaniyaning ichki hujjatlarini o‘rgangan «Reuters» ma’lumotiga ko‘ra, bu hodisa «Microsoft»ning «Exchange Online» elektron pochta xizmati tarixida mijozlarga eng katta ta’sir o‘tkazgan uzilish bo‘ldi. Nosozlik paytida muhandislar 11 ta «Teams» guruhida 11 mingdan ortiq xabar almashgan, biroq muammo sababini aniqlash va harakatlarni muvofiqlashtirishda qiyinchiliklarga duch kelgan.

«Microsoft» hodisani iyul oyida joriy etilgan, ammo o‘z vaqtida aniqlanmagan «Windows» dasturiy nuqsoni bilan izohladi. Kompaniya kiberhujum yoki sun’iy intellekt agentlarining aralashuviga oid alomatlar topilmaganini bildirdi.

Endi «Microsoft» texnik nosozliklarga javob berish tizimini o‘zgartirish, serverlar o‘rtasidagi yuklamani boshqarish va kelgusida butun dunyo bo‘ylab xizmatlarni bir soat ichida tiklash ustida ishlamoqda.

24 soatlik uzilish «Microsoft»ning bir nechta xizmatlariga ta’sir qildi

Nosozlik 12-noyabr kuni boshlanib, 13-noyabrgacha davom etdi. «Microsoft»ning 20-noyabrdagi hisobotiga ko‘ra, uzilish 12-noyabr soat 16:20 UTC da boshlanib, 13-noyabr soat 16:10 UTC da yakunlangan — jami qariyb 23 soat 50 daqiqa.

Muammo dastlab «Exchange Online» elektron pochta xizmatining serverlarga ulanish infratuzilmasida yuzaga keldi. Natijada ko‘pchilik foydalanuvchilar «Outlook» orqali pochta qutisiga kira olmadi, xatlarni yuborish va qabul qilishda kechikishlar kuzatildi.

Nosozlik faqat elektron pochta bilan cheklanib qolmadi — «Exchange Online» ma’lumotlaridan foydalanuvchi boshqa xizmatlarda ham turli darajadagi uzilishlar ro‘y berdi. Jumladan:

·         «Outlook»: elektron xatlarni ochish, yuborish va qabul qilishda muammolar kuzatildi.

·         «Microsoft Teams»: taqvim, qidiruv, foydalanuvchilarning onlayn holatini ko‘rsatish va kanallarni boshqarishning ayrim funksiyalari ishlamay qoldi.

·         «Microsoft 365 Copilot»: ko‘pchilik foydalanuvchilar dasturning komputer va veb-versiyalarini ochish hamda so‘rovlarni bajarishda qiyinchilikka duch keldi.

·         «SharePoint» va «OneDrive»: dastlabki bosqichda ayrim funksiyalar sekinlashdi yoki ishdan chiqdi.

·         «Microsoft Defender» va «Purview»: xavfsizlik nazorati himoyalangan ma’lumotlar bilan ishlash jarayonlari kechikdi.

«Microsoft» hisobotida bu xizmatlarning barchasi to‘liq to‘xtab qolmagani qayd etilgan. Ayrimlari trafikni boshqa tarmoq infratuzilmasiga o‘tkazish orqali «Exchange Online»ga nisbatan ertaroq tiklangan, biroq ularning «Exchange Online» ma’lumotlariga bog‘liq funksiyalarida muammolar saqlanib qolgan.

Uzilish oqibatlari turli tashkilotlar faoliyatida ham sezildi. «Reuters» ma’lumotiga ko‘ra, Avstraliya, Yaponiya va AQSHdagi davlat idoralari, moliyaviy tashkilotlar va aviakompaniyalarning ayrim jarayonlari izdan chiqqan, jumladan, elektron aloqaga bog‘liq savdo operatsiyalari va aviakompaniyalar kommunikatsiyasida kechikishlar yuzaga kelgan.

Nosozlikka iyul oyida kiritilgan dasturiy o‘zgarish sabab bo‘lgan

«Microsoft»ning yakuniy hisobotida uzilishga bir-biri bilan bog‘liq bir nechta texnik omil sabab bo‘lgani tushuntirilgan.

Asosiy muammo «Microsoft 365» xizmatlarining «Exchange Online» uchun ishlatiladigan tarmoq serverlarida aniqlangan «Windows» dasturiy nuqsoni bilan bog‘liq. Dasturiy o‘zgarish 2026 yil iyul oyida joriy etila boshlangan, bir necha hafta davomida bosqichma-bosqich butun tizimga tarqatilgan va uch oydan ortiq vaqt davomida muammosiz ishlagan. Biroq serverlarga tushadigan yuklama muayyan sharoitda keskin oshgach, yashirin nuqson ularning ishdan chiqishiga olib kelgan.

«Qizil kod» doirasida qanday o‘zgarishlar amalga oshiriladi?

«Microsoft» e’lon qilgan «Code Red» tashabbusi texnik nosozliklarning oldini olish va ularga javob berish tizimini qayta ko‘rib chiqishga qaratilgan.

«Reuters» ko‘rgan ichki hujjatlarga ko‘ra, ish rejasi beshta yo‘nalishni qamrab oladi. Ular orasida serverlarga tushadigan ortiqcha yuklamani cheklash, trafikni geografik hududlar bo‘yicha taqsimlash va xizmatlarni tiklash mexanizmlarini tezlashtirish bor. Kompaniya kelgusida global uzilishlarni bir soat ichida bartaraf etishni maqsad qilgan.

Bundan tashqari, muhandislar tizim holati haqidagi diagnostik ma’lumotlarni tezroq tahlil qilishi uchun sun’iy intellekt agentlaridan foydalanish rejalashtirilgan.

Raqamli infratuzilmaga qaramlik masalasi yana kun tartibiga chiqdi

«Microsoft»dagi uzilish bulutli texnologiyalarga tayanadigan tashkilotlar uchun xizmatlar uzluksizligini ta’minlash masalasini yana bir bor dolzarb qilib qo‘ydi. Zamonaviy kompaniyalar va davlat idoralari elektron pochta, hujjat almashinuvi, videokonferensiya va fayllarni saqlash kabi xizmatlarni yagona raqamli platformalar orqali yuritmoqda. «Microsoft 365» ekotizimidagi hodisa bir nechta xizmatning umumiy infratuzilmaga bog‘liqligi texnik nosozlik ta’sirini kengaytirishi mumkinligini ko‘rsatdi.

 

Теглар

Мавзуга оид