Mikromoliya tashkilotlarida o‘rtacha foiz stavkalari qanday?

26.02.2026 | 12:553 дақиқа

O‘rtacha kredit foizlari banklarga qaraganda deyarli ikki barobar yuqori. Shunga qaramay, o‘zbekistonliklar mikromoliya tashkilotlaridan kredit olishni ko‘paytirmoqda.

Mikromoliya tashkilotlarida o‘rtacha foiz stavkalari qanday?

Markaziy bank O‘zbekistondagi mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning holati haqida sharh taqdim qildi. Unda bir qancha muhim ma’lumotlar e’lon qilingan.

Ma’lum bo‘lishicha, mikromoliya tashkilotlarida subyekt turlari bo‘yicha 2025 yilning dekabr oyida aholiga ajratilgan mikroqarzlarning foiz stavkalari 30-109,5 foiz koridorida bo‘lgan.

Biznesga, ya’ni YTT va yuridik shaxslarga ajratilgan mikrokreditlar 30-88 foiz koridorida shakllangan. Bunda yillik o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari mos ravishda 57,6 va 48,7 foizni tashkil etgan.

Dekabr oyida jismoniy shaxslarga ajratilgan mikroqarzlarning 0,3 foizi (1,6 mlrd so‘m) eng quyi chegara — yillik 29-40 foiz oralig‘ida, 0,1 foizi (300 mln so‘m) eng yuqori chegara — yillik 100-109,5 foiz oralig‘ida ajratilgan.

Yuridik va YTTlarda esa ajratilgan mikrokreditlarning 3,3 foizi (1,3 mlrd so‘m) eng quyi chegara — yillik 30-40 foiz oralig‘ida, 37,4 foizi (14,9 mlrd so‘m) eng yuqori chegara — yillik 55-60 foiz oralig‘ida bo‘lgan.

1

O‘rtacha yillik foiz stavkasi 2025 yil davomida aholi uchun 58,9 foizdan 57,6 foizgacha, biznes uchun 53 foizdan 48,7 foizgacha pasaydi.

Lombardlarda o‘rtacha foiz stavkasi mikromoliya tashkilotlariga nisbatan ancha yuqoriroq shakllanmoqda.

2025 yilning dekabr oyida jismoniy shaxslarga ajratilgan mikroqarzlarning foiz stavkalari 60-109,5 foiz koridorida shakllangan bo‘lib, yillik o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 97,1 foizni tashkil etgan. O‘rtacha foiz stavka yil boshida 99,5 foiz edi.

2

Oy davomida lombardlar tomonidan ajratilgan mikroqarzlarning 0,4 foizi (1,3 mlrd so‘m) eng quyi chegaraga — yillik 60-70 foiz oralig‘ida va 48,8 foizi (143,4 mlrd so‘m) eng yuqori chegaraga — yillik 100-109,5 foiz oralig‘iga to‘g‘ri keladi.

Banklarda foizlar qanday?

O‘zbekiston banklarida 23-fevral holati bo‘yicha mikroqarzlarni hisobga olmaganda aholining o‘rtacha kredit foizi 22,2 foizni tashkil qilyapti. Biznes uchun bu ko‘rsatkich — 22,4 foiz.

Mikroqarzlar esa o‘rtacha 29,3 foizdan ajratilmoqda. 2025 yilning yozida mikroqarzlar o‘rtacha 34,9 foizdan ajratilayotgan edi. Yarim yilda foiz stavkasi sezilarli tushdi.

Mikroqarz tomondan qaralasa, mikromoliya tashkilotlari kredit foizlari banklarga qaraganda qariyb ikki barobar, lombardlarda esa 3 barobardan oshiq yuqori.

3

Shunga qaramay, 2025 yilda o‘zbekistonliklarning mikromoliya tashkilotlari va lombardlardan kredit olishi keskin ko‘paygan.

Bu kredit tashkilotlarida o‘tgan yil davomida ajratilgan kreditlar miqdori naqd 2 barobarga o‘sib, deyarli 32 trln so‘mga yetgan.

Ma’lumot uchun 2025 yilda banklarda kredit ajratish qariyb 50 foizga, mikroqarz ajratish esa 56 foizga oshgandi.

Nega kredit olish bu qadar ko‘paygan?

Shartlar og‘irroq bo‘lsada, mikromoliya tashkilotlari va lombardlarda kreditni osonroq, tezroq va kamroq hujjatlar bilan olish mumkin.

Ayrim mikromoliya tashkilotlari yomon kredit tarixiga ega mijozlarga ham mikroqarz ajratishni taklif qiladi. Bu esa tabiiy ravishda talabni oshiradi.

Biroq, mikromoliya tashkilotlarida kredit ajratish ko‘payganiga asosiy sabab bu emas. Kreditlash hajmining keskin o‘sishi onlayn kreditlar ko‘payishi bilan bog‘liq.

Onlayn kreditlarning asosiy qismi Tezcoin (15,2 trln so‘m) va Shaffof moliya (4,2 trln so‘m) orqali berilmoqda. Bu mikromoliya tashkilotlarida Uzum Nasiya orqali onlayn kreditlar ajratiladi.

Bundan tashqari, yaqin-yaqingacha, rasmiy daromadi bo‘lmaganlar uchun mikromoliya tashkilotlari ko‘pincha yagona moliyalashtirish manbai hisoblanar edi.

Biroq, so‘nggi yillarda bir nechta banklar ham norasmiy daromadga ega mijozlarning kartadagi aylanmalarini inobatga olgan holda kredit ajratishni yo‘lga qo‘ygan.

Теглар

Мавзуга оид