Mirziyoyev Erdo‘g‘anni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi
O‘zbekiston Prezidenti Turkiya Prezidenti bilan telefon orqali gaplashib oldi.
© Фото: president.uzO‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-fevral kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni tavallud kuni bilan samimiy tabrikladi.
O‘zbekiston rahbari Turkiya yetakchisiga mustahkam sog‘lik va farovonlik, davlatchilik faoliyatida katta muvaffaqiyatlar, qardosh turk xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Prezidentlar, shuningdek, butun musulmon ummati uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyi bilan bir-birlarini dildan qutladilar.
Mintaqaviy masalalar muhokamasi
O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini joriy yil yanvar oyida Anqara shahrida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlatlararo hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan Strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishining natijalari ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘targani ta’kidlandi.
Ishlab chiqilgan «yo‘l xaritalari» asosida kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar, bo‘lajak tadbirlar rejasini muhokama qildi.
Ma’lumot uchun, Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 1954 yil 26-fevralda Istanbul shahrida tug‘ilgan. U 2003–2014 yillarda Turkiya Bosh vaziri, 2014 yildan buyon esa Prezident sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.





