Mirziyoyev: «O‘zbekiston G‘azoda maktab va shifoxonalar qurishga tayyor»

19.02.2026 | 22:542 дақиқа

Avvalroq, G‘azoga 1,5 mln dollar miqdorida yordam ko‘rsatgan va 100 dan ortiq falastinlikni o‘z bag‘riga olgan O‘zbekiston, endi mintaqani strategik qayta qurish jarayoniga ham qo‘shilmoqda.

Mirziyoyev: «O‘zbekiston G‘azoda maktab va shifoxonalar qurishga tayyor»

O‘zbekiston G‘azoda uy-joylar, bolalar bog‘chalari, maktablar va shifoxonalar qurishga munosib hissa qo‘shishga tayyor. Bu haqda 19-fevral kuni Vashingtonda o‘tkazilgan «Tinchlik kengashi»ning inauguratsiya sammitida prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

«Avvalambor, Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp Janobi Oliylariga Tinchlik Kengashining inauguratsiya majlisini chaqirgani uchun chin dildan minnatdorlik izhor etaman. Hech shubhasiz, bugungi sammit bu Prezident Trampning siyosiy irodasi va pragmatizmi natijasidir. O‘zbekiston Tinchlik kengashini tuzish bo‘yicha tinchliksevar tashabbusni qo‘llab-quvvatladi va uning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi borasida o‘zining amaliy ishtirokini qat’iy bayon etdi», - dedi O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Kengash ishi G‘azo mintaqasini iqtisodiy va ijtimoiy qayta tiklash uchun qulay sharoit yaratishga imkon berishiga ishonishini aytdi.

«G‘azoning har qanday tashqi boshqaruv mexanizmi sektor aholisining so‘zsiz ichki qo‘llab-quvvatlashiga tayanishi lozim. Barcha tomonlarning muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlari G‘azoni tez fursatda qayta tiklash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga, mojarodan keyingi jarayonlarni barqarorlashtirishga xizmat qiladi. Ta’kidlab aytamanki, O‘zbekiston ushbu hududda turar joylar, bolalar bog‘chalari, maktab va kasalxonalar barpo etishga imkon qadar hissa qo‘shishga tayyor», - dedi davlat rahbari.

Prezident Vashingtondagi hozirgi sammit AQSH prezidenti Donald Trampning siyosiy irodasi va pragmatizmi natijasi ekanini qo‘shimcha qildi. Mirziyoyev yig‘ilish Donald Tramp nomidagi Tinchlik institutida bo‘lib o‘tayotganini ramziy deb atadi.

Avvalroq, Donald Tramp sammitda Shavkat Mirziyoyevni «do‘stim» deb atagani haqida xabar bergan edik. Shuningdek, u G‘azoga yordam paketi uchun jami 7 mlrd dollar ajratgan davlatlar orasida O‘zbekiston ham borligini aytdi.

O‘zbekistonning G‘azoga ko‘magi

G‘azo sektorida urush boshlanganidan so‘ng, O‘zbekiston BMTning Yaqin Sharq agentligi (UNRWA) orqali G‘azo sektori aholisi uchun gumanitar yordam sifatida 1,5 mln dollar ajratgan.

100 dan ortiq kishi (falastinlik ayollar va bolalar) G‘azodan evakuatsiya qilinib, O‘zbekistonga keltirilgan. Ular uchun ijtimoiy yordam, uy‑maskin, tibbiyot, ta’lim va boshqa xizmatlar tizimi yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekistonga keltirilgan falastinlik oilalarga bir vaqtning o‘zida moddiy ko‘maklar berilgan, bolalari uchun davlat maktablari va bog‘chalarda o‘qish uchun to‘lovlar bekor qilingan, tibbiy ro‘yxatga olinib, oila shifokorxona xizmatlaridan foydalanish huquqi berilgan.

Теглар

Мавзуга оид