Moskvada tadbirkor Umar Jabroilov o‘z joniga qasd qildi

02.03.2026 | 19:202 дақиқа

Rossiya Federatsiyasi Kengashining chechenistonlik sobiq a’zosi Jabroilovning jasadi Moskvadagi Tver ko‘chasida joylashgan mehmonxonada topilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar uning o‘z joniga qasd qilganini tasdiqlagan.

Moskvada tadbirkor Umar Jabroilov o‘z joniga qasd qildi

Moskvada tadbirkor, Rossiya Federatsiyasi Kengashining Chechenistondan saylangan sobiq a’zosi Umar Jabroilov o‘z joniga qasd qilgan. Sobiq senatorning o‘z joniga qasd qilgani haqida bugun, 2-mart kuni TASS axborot agentligi huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi manbasi va Jabroilovning sobiq advokatiga tayanib xabar bergan.

«Tadbirkor Umar Jabroilovning o‘limida jinoiy alomatlar yo‘q, tekshiruv o‘tkazilmoqda», – deya xabar qiladi TASS huquqni muhofaza qiluvchi organlar suhbatdoshiga tayanib.

Jabroilovning jasadi Moskva markazidagi mehmonxonada topilgan. 67 yoshli sobiq senatorning jasadi Tver ko‘chasidagi mehmonxonadan aniqlangan, yonida to‘pponcha bo‘lgan, deb yozdi «Mash» Telegram-kanali. Shuningdek, Jabroilovning o‘z joniga qasd qilgani haqida «Baza» va «RBK» ham manbalariga tayanib xabar bergan. «Mash» eslatishicha, Umar Jabroilov 2020 yilda ham o‘z joniga qasd qilishga uringan.

Umar Jabroilov kim?

Grozniy shahrida tug‘ilgan Umar Jabroilov 2000 yilda prezidentlik saylovlarida ishtirok etgan va oxirgi o‘rinni egallagan. 2004–2009 yillarda u Chechenistonni RF Federatsiya Kengashida vakil sifatida namoyon etgan va xalqaro ishlar qo‘mitasi rais o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

2009–2013 yillarda Jabroilov RF prezidenti yordamchisi Sergey Prixodkoning maslahatchisi bo‘lgan.

2017 yilda sobiq senator Moskvadagi «Four Seasons Hotel Moscow» mehmonxonasida o‘q otishga urinish bilan bog‘liq bezorilik aybi bilan qo‘lga olingan. Unga nisbatan bezorilik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va 500 000 rubl jarima tayinlangan. Shundan so‘ng u partiya obro‘siga putur yetkazuvchi harakatlar qilgani uchun «Yedinaya Rossiya» partiyasidan chiqarilgan.

Теглар

Мавзуга оид