Mustaqillikdan beri jon boshiga daromad o‘sdi, lekin global o‘rin o‘zgarmadi

34 yildan buyon O‘zbekistonda jon boshiga nominal daromad bir necha barobarga oshganiga qaramasdan, dunyodagi pozitsiya deyarli o‘zgarmagan.

Mustaqillikdan beri jon boshiga daromad o‘sdi, lekin global o‘rin o‘zgarmadi

Mustaqillikdan buyon O‘zbekistonning jon boshiga nominal daromad bo‘yicha dunyodagi pozitsiyasi deyarli o‘zgarmagan. So‘nggi 34 yillik dinamika mamlakatning global daromad reytingidagi o‘rni keskin sakrashsiz, nisbatan barqaror shakllanganini ko‘rsatadi.

1

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev tahliliga ko‘ra, 1991 yilda O‘zbekiston jon boshiga daromad bo‘yicha 49 ta mamlakatdan yuqori o‘rinda bo‘lgan. 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 51 taga yetgan. Ya’ni, 1991 yilda O‘zbekiston dunyo davlatlarining 26 foiziga nisbatan boyroq bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ulush 27 foizni tashkil etgan. Hisob-kitoblarda jon boshiga daromad bo‘yicha ma’lumot mavjud bo‘lmagan davlatlar chiqarib tashlangan.

Mintaqaviy kesimda sezilarli tafovut kuzatiladi. Sharqiy va Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlariga nisbatan O‘zbekistonning o‘sish sur’ati sekinroq bo‘lgan. Natijada ushbu hududdagi aksariyat mamlakatlar daromad darajasi bo‘yicha O‘zbekistondan o‘zib ketgan.

Aksincha, Afrika davlatlarining ko‘pchiligiga nisbatan mamlakatimiz tezroq o‘sgan.

Sobiq ittifoq mamlakatlari bilan solishtirilganda ham pozitsiya yomonlashgan. 1991 yilda O‘zbekiston Qirg‘iziston, Tojikiston va Armanistondan boyroq bo‘lgan. 2024 yilga kelib esa mamlakat faqat Qirg‘iziston va Tojikistondan yuqori daromad darajasini saqlab qolgan.

2030 yilda pozitsiya qanday bo‘ladi?

2

Xalqaro valuta jamg‘armasi prognozlariga ko‘ra, 2030 yilga borib O‘zbekiston jon boshiga nominal daromad bo‘yicha 58 ta davlatdan yuqori o‘rinni egallaydi. Taqqoslash uchun, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 55 ta davlatni tashkil etgan. Jahon banki ma’lumotlari bilan ayrim tafovutlar mavjud bo‘lib, bu farq ayrim mamlakatlar bo‘yicha statistikaning mavjud emasligi bilan izohlanadi.

Prognozlarga ko‘ra, 2030 yilgacha O‘zbekiston daromad darajasi bo‘yicha Misr, Eron, Gonduras, Esvatini, Tunis va Vanuatu kabi davlatlarni ortda qoldiradi. Shuningdek, ushbu davr mobaynida birorta ham davlat O‘zbekistonni daromad ko‘rsatkichi bo‘yicha quvib o‘ta olmaydi.

Hozirgi o‘sish sur’atlari saqlanib qolgan taqdirda, Qirg‘iziston 2027–2028 yillarda jon boshiga nominal daromad bo‘yicha O‘zbekistondan o‘zib ketishi mumkin. Qirg‘iziston bo‘yicha Xalqaro valuta jamg‘armasi prognozlari nisbatan konservativ ekani qayd etiladi.

Теглар

Мавзуга оид

Mustaqillikdan beri jon boshiga daromad o‘sdi, lekin global o‘rin o‘zgarmadi | Vaqt.uz