Neft narxlari Tramp Eron bilan mojaro bo‘yicha muddat belgilagani ortidan ko‘tarildi

20.02.2026 | 11:553 дақиқа

Neft narxi uch haftadan beri ilk bor haftalik o‘sishga qarab ketmoqda, chunki AQSH va Eron o‘rtasidagi taranglik kuchaymoqda.

Neft narxlari Tramp Eron bilan mojaro bo‘yicha muddat belgilagani ortidan ko‘tarildi

Bugun, 20-fevral kuni neft narxlari oshdi va uch hafta ichida ilk bor haftalik o‘sishni qayd etish arafasida turibdi. Bunga AQSH va Eron o‘rtasida mojaro chiqishi mumkinligi haqidagi xavotirlar sabab bo‘ldi, deb xabar berdi «Reuters».

Vashington Tehron yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuvga bir necha kun ichida rozi bo‘lmasa, jiddiy oqibatlarga duch kelishini bildirdi.

«Brent crude» fyucherslari 25 sent yoki 0,4 foizga oshib, barreli 71,91 dollarga yetdi. «West Texas Intermediate» (WTI) nefti esa 31 sent yoki 0,5 foizga qimmatlab, 66,74 dollarga ko‘tarildi (GMT 04:37 holatiga ko‘ra).

Kecha, 19-fevral kuni narxlar olti oylik eng yuqori darajada yopildi. Bunga Donald Tramp Eron yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuvga erishmasa, «juda yomon narsalar» sodir bo‘lishini aytgani sabab bo‘ldi. U 10–15 kunlik muddat belgiladi. Eron o‘z yadroviy dasturini tinch maqsadli deb hisoblaydi, AQSH esa uni harbiylashtirilgan deb gumon qilmoqda.

Shu bilan birga, Eron Rossiya bilan qo‘shma dengiz mashqlarini rejalashtirgani xabar qilindi. Bu mamlakat Hormuz bo‘g‘ozini harbiy mashqlar sababli vaqtincha yopganidan bir necha kun o‘tib ro‘y bermoqda.

Tahlilchilar nima deydi?

«Phillip Nova» kompaniyasining katta bozor tahlilchisi Priyanka Sachdevaga ko‘ra, «Hormuz bo‘g‘ozi orqali yetkazib berish xavflari sabab bozorlar tarang holatda qolmoqda va neft narxlari olti oylik eng yuqori ko‘rsatkichlarga yaqinlashgan».

Hormuz bo‘g‘ozi orqali jahon neft ta’minotining taxminan 20 foizi o‘tadi. Shu hududdagi mojaro jahon bozoriga neft yetkazib berishni cheklab, narxlarni yanada oshirishi mumkin.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, AQSH va Eron o‘rtasidagi yadroviy muzokaralarning bir necha bosqichi muvaffaqiyatsiz tugaganidan so‘ng, bozor e’tibori Yaqin Sharqdagi taranglikka qaratilgan. Biroq sarmoyadorlar amalda ta’minot uzilishi yuz beradimi-yo‘qmi, degan savolni muhokama qilmoqda.

Narxlarni qo‘llab-quvvatlayotgan omillardan yana biri neft zaxiralarining kamayishi va yirik ishlab chiqaruvchi hamda eksport qiluvchi davlatlarda eksport hajmining cheklanganidir. AQSH Energetika axborot ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda neft zaxiralari 9 million barrelga kamaygan, qayta ishlash quvvati va eksport hajmi esa oshgan.

Biroq dunyodagi eng yirik neft iste’molchisi bo‘lgan AQSHda foiz stavkalari kelajagi bo‘yicha noaniqlik narxlar o‘sishini cheklamoqda. AQSH Federal zaxira tizimi bayonnomalari inflatsiya yuqori bo‘lib qolsa, stavkalarni oshirish ehtimoli saqlanib qolayotganini ko‘rsatdi. Past foiz stavkalari odatda neft narxlari uchun qo‘llab-quvvatlovchi omil hisoblanadi.

Bozorlar, shuningdek, taklif hajmining yetarlicha ekaniga ham e’tibor qaratmoqda. OPEK+ apreldan neft ishlab chiqarish hajmini oshirishni qayta tiklash masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida xabarlar bor.

«JPMorgan Chase» tahlilchilari Natasha Kaneva va Lyuba Savinovaning mijozlarga yo‘llangan qaydnomasida aytilishicha, 2025 yil ikkinchi yarmida kuzatilgan neft ortiqchaligi yanvar oyida ham davom etgan va «saqlanib qolishi ehtimoli yuqori». Ular yil oxirigacha bozorda katta ortiqcha taklif saqlanishini prognoz qilmoqda va 2027 yilda ortiqcha zaxiralar to‘planishining oldini olish uchun kuniga 2 million barrellik ishlab chiqarish qisqarishi zarur bo‘lishini ta’kidlagan.

Теглар

Мавзуга оид