Logo

Nega Toshkentdagi ayrim avtobuslarda konditsioner yo‘q?

«Toshshahartransxizmat» avtobuslardagi konditsionerlar samarasiz ishlayotgani haqidagi tanqidlarga munosabat bildirdi va buning asosiy sabablarini tushuntirdi.

Nega Toshkentdagi ayrim avtobuslarda konditsioner yo‘q? © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

«Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda avtobuslardagi sovutish tizimi bilan bog‘liq tarqalayotgan murojaatlar yuzasidan rasmiy izoh berdi.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, Toshkent yo‘nalishlarida harakatlanayotgan avtobuslarning barchasi ham konditsioner bilan jihozlanmagan. Xususan, 102 ta «Mercedes-Benz» avtobusining barchasi, 272 ta «MAN» avtobusining 100 tasi hamda 201 ta «SAZ LE-60» avtobusining 88 tasida salonni sovutish tizimi ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan jihozlanmagan.

Qolgan «Yutong» va «King Long» rusumli avtobuslar hamda elektrobuslarda konditsionerlar mavjud bo‘lsa-da, hozirgi ekstremal issiq havo ularning ish samaradorligiga ta’sir ko‘rsatmoqda.

45 darajadan yuqori harorat ta’sir qilmoqda

«Toshshahartransxizmat» ta’kidlashicha, Toshkent shahrida kuzatilayotgan 45 daraja va undan yuqori havo harorati konditsioner tizimlari uchun qo‘shimcha yuklama hosil qilmoqda.

Bundan tashqari, avtobus saloniga quyosh nurlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushishi, bekatlarda eshiklarning tez-tez ochilishi va yolovchilar sonining ko‘pligi ham sovutish tizimining samaradorligini pasaytiradi.

Kompaniyaning qayd etishicha, bunday ekstremal sharoitda hatto to‘liq texnik soz konditsionerlar ham o‘zining loyihaviy sovutish quvvatini to‘liq ta’minlay olmasligi mumkin.

Yo‘nalishda 1672 ta avtobus xizmat ko‘rsatmoqda

Ma’lum qilinishicha, ayni paytda «Toshshahartransxizmat» filiallari tomonidan har kuni 1672 ta avtobus va elektrobus yo‘nalishlarga chiqariladi. Ular orasida «Mercedes-Benz», «MAN», «SAZ LE-60», «Yutong» va «King Long» rusumli transport vositalari xizmat ko‘rsatmoqda.

Kompaniya yolovchilar uchun qulayliklarni ta’minlash bo‘yicha ishlar davom etayotganini bildirib, aholidan ob-havo bilan bog‘liq ushbu vaqtinchalik noqulaylikni to‘g‘ri tushunishni so‘radi.

Теглар

Мавзуга оид

Nega Toshkentdagi ayrim avtobuslarda konditsioner yo‘q? | Vaqt.uz