Nega Trampga Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasini bekor qilish oson bo‘lmaydi?

Бугун 08:555 дақиқа

Donald Tramp dunyo energiya tashuvchilarining taxminan 1/5 qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovini qayta tiklashda ittifoqchilardan yordam so‘radi, biroq u keng koalitsiya to‘plashga muvaffaq bo‘lgan taqdirda ham, Eron blokadasiga chek qo‘yish nihoyatda qiyin bo‘ladi.

Nega Trampga Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasini bekor qilish oson bo‘lmaydi?

28-fevraldagi AQSH va Isroil zarbasiga javoban Eron dronlar, raketalar va minalarni ishga solib, ushbu strategik muhim suv yo‘lini har kuni bo‘g‘oz orqali juda past tezlikda harakatlanadigan ulkan neft va gaz tankerlari uchun xavfli qilib qo‘ydi, deb yozmoqda «Reuters».

 

Nega Eron bo‘g‘ozni aynan hozir to‘sib qo‘ydi?

Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘yish tahdidi ilgari ham bir necha bor yangragan: 2011-yilda Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) qo‘mondoni uni to‘sib qo‘yish «bir finjon suv ichishdan ham osonroq» bo‘lishini aytgan edi.

Bo‘g‘ozni yopish imkoniyati haqidagi Eron maxsus xizmatlarining ogohlantirishlari keyinchalik ham to‘xtamadi — xususan, 2016 va 2018-yillarda Eron yadro dasturi atrofidagi keskinlik kuchaygan davrlarda, shuningdek, 2025-yil iyun oyidagi Isroil va Amerika bombardimonlari vaqtida ham.

Tahlilchilar Tehron raqiblari uchun uzoq muddatli strategik oqibatlarni, shuningdek, uning shaxsiy energetika sektoriga beriladigan javob zarbasi tahdidini inobatga olgan holda, bo‘g‘ozni yopishni doimo eng so‘nggi chora deb hisoblar edilar. 28-fevralda oliy rahnamo o‘ldirilishi bilan boshlangan Eron bilan urush barcha hisob-kitoblarni chippakka chiqardi. Eron rasmiylari ushbu mojaroni omon qolish uchun urush deb ta’riflamoqdalar, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi esa strategiyani ishlab chiqishda tashabbusni tobora faolroq o‘z qo‘liga olmoqda.

 

Nimalar garovga tikilgan?

Fors ko‘rfazini Ummon ko‘rfazi bilan bog‘laydigan, Eron va Ummon o‘rtasidagi tor suv yo‘lagi Iroq, Eron, Qatar, Kuvayt va BAA kabi neft va gaz qazib oluvchi mamlakatlar uchun ochiq dengizga chiqadigan yagona yo‘ldir.

Dushanba kuni neft narxi qisqa muddatga 2022-yilgi maksimal darajalarga ko‘tarildi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, neft narxining yuqoriligi 2022-yilda sodir bo‘lgan voqealarga o‘xshash yashash qiymatining yangi inqirozini keltirib chiqarishi mumkin.

Uzoq davom etadigan mojaro o‘g‘itlar bozorida ham shok keltirib chiqarishi mumkin, bu esa global oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid soladi. «Kpler» ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi o‘g‘itlarning taxminan 33 foizi, jumladan oltingugurt va ammiak shu bo‘g‘oz orqali o‘tadi.

1970-yillarda Yaqin Sharqdagi neft shoklaridan keyin yuz bergan holatga o‘xshash global iqtisodiy inqiroz xavfi ham urush uzoq davom etgan taqdirda kuchayishi mumkin.

 

Nega kemalar qatnovi xavfsizligini ta’minlash qiyin?

Kema qatnaydigan yo‘laklarning kengligi atigi ikki dengiz milini tashkil etadi va kemalar aynan Eronga tegishli orollar va Eron harbiylari uchun boshpana vazifasini o‘taydigan tog‘li sohil ro‘parasida keskin burilishni amalga oshiradi, deb xabar beradi «SSY Global». Eronning muntazam harbiy-dengiz floti sezilarli darajada yo‘q qilingan, biroq IIMK hamon keng ko‘lamli imkoniyatlarga, jumladan tezyurar qayiqlar, tezyurar suvosti kemalari, minalar va hatto portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan gidrotsikllar sohibi bo‘lib qolmoqda, deydi Britaniya HDQning iste’fodagi ofitseri Tom Sharp.

«Centre for Information Resilience» ma’lumotlariga ko‘ra, Tehron oyiga taxminan 10 mingta pilotsiz parvoz qurilmalari ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Havodan himoyani ta’minlaydigan yetti yoki sakkizta eskadron mina tashuvchi kemalardan foydalangan holda kuniga uch-to‘rtta kemani bo‘g‘oz orqali o‘tkazish qisqa muddatli istiqbolda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan ish bo‘lib, bu kichik tezyurar suvosti kemalari tomonidan kelayotgan tahdid pasaytirilganligiga bog‘liq bo‘lar edi, ammo ushbu vazifani oylar davomida barqaror bajarish uchun ko‘proq resurslar talab qilinadi, dedi Sharp.

Hattoki Eron Islom Respublikasi ballistik raketalar, dronlar va suzuvchi minalarni qo‘llash qobiliyatini yo‘qotgan taqdirda ham, kemalarga hali o‘zini portlatuvchi suv dronlar tahdid soladi, deydi Yevropa Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika tadqiqotlari instituti direktori Odel Bakavan.

Agar urush bir necha hafta davomida davom etsa, kuzatib borishning qandaydir shakli tashkil etiladi, dedi Qirollik mudofaa tadqiqotlari birlashgan institutidagi «RUSI» jurnali muharriri Kevin Roulends.

«Dunyoga Fors ko‘rfazidan neft yetkazib berilishi kerak, shuning uchun hozirda himoya choralarini rejalashtirish ishlari olib borilmoqda», — dedi u.

 

Trampning istagi va ittifoqchilar choralari

Tramp yakshanba kuni bir qator mamlakatlardan Fors ko‘rfaziga o‘z harbiy kemalarini yuborishni kutayotganini va talab qilishini aytdi. Bir hafta oldin u AQSHning Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasiga kema qatnovi kompaniyalarini sug‘urta va kafolatlar bilan ta’minlashni topshirgan edi.

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kiyr Starmer Tramp bilan bo‘g‘ozni ochish zarurligini muhokama qildi va bundan oldin London ittifoqchilar bilan birgalikda harakatlarning turli variantlarini ko‘rib chiqayotganini ta’kidladi. Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari dushanba kuni Qizil dengizdagi kema qatnovini yamanlik husiychilardan himoya qilishga qaratilgan kichik harbiy-dengiz missiyasini kuchaytirishni muhokama qilmoqdalar, biroq uning operatsiyalarini Hurmuz bo‘g‘ozigacha kengaytirish, aftidan, kun tartibida emas.

Tramp o‘z talabini ilgari surishidan oldin ham Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yevropa va Osiyoning bir nechta davlatlari himoyani ta’minlash bo‘yicha qo‘shma missiya tashkil etishni rejalashtirayotganini aytgan edi — lekin faqat mojaro tugaganidan keyin.

Berlin Qizil dengizdagi missiyaning kuchaytirilishiga ham shubha bilan qaramoqda, chunki uning samarasi kam deb hisoblaydi.

Yaponiya va Avstraliya dushanba kuni kemalarni bo‘g‘oz orqali kuzatib borish uchun harbiy kemalar yuborishni rejalashtirmayotganliklarini ma’lum qildilar.

 

Boshqa strategik nuqtalarda vaziyat qanday?

Yamanlik husiychilar AQSH va Yevropa Ittifoqi harbiy-dengiz kuchlarining sa’y-harakatlariga qaramay, ikki yildan ko‘proq vaqt davomida Qizil dengizdagi kema qatnovining katta qismini to‘sib qo‘ydilar.

Kema qatnovi kompaniyalarining aksariyati hamon Afrikaning janubiy chekkasi orqali o‘tadigan sezilarli darajada uzunroq yo‘nalishdan foydalanmoqda. Daniyaning «Maersk» kompaniyasi yanvar oyidan boshlab Suvaysh kanali orqali o‘tadigan yo‘nalishga bosqichma-bosqich qaytishni boshlashini ma’lum qildi.

YI rahbarligidagi kuchlar Somali qirg‘oqlari yaqinida qaroqchilikka qarshi kurashda kattaroq muvaffaqiyatga erishdilar. Biroq shuni hisobga olish kerakki, ularga qurollanish jihatidan Islom inqilobi muhofizlari korpusidan ancha zaif bo‘lgan tuzilmalar qarshilik ko‘rsatgan edi.

 

Bo‘g‘ozni aylanib o‘tuvchi boshqa yo‘llar bormi?

BAA va Saudiya Arabistoni yangi neft quvurlari qurish orqali bo‘g‘ozni aylanib o‘tish yo‘llarini topishga harakat qilmoqdalar.

Shunga qaramay, bugungi kunga kelib ular hali foydalanishga topshirilmagan, husiychilarning 2019-yilda Saudiyaning sharq-g‘arb neft quvuriga qilgan hujumi esa muqobil yo‘nalishlar ham zaif ekanligini ko‘rsatdi.

Теглар

Мавзуга оид