Logo

Nikoh shartnomasi tuzgan juftliklar uchun davlat boji bekor qilinishi rejalashtirilmoqda

Бугун 08:553 дақиқа

O‘zbekistonda nikoh shartnomasi tuzgan juftliklarni nikohni qayd etganlik uchun davlat bojidan ozod qilish taklif etilmoqda. Hukumat vakili Dilnoza Kattaxonovaning aytishicha, bu nikoh shartnomalarini tuzishni rag‘batlantirishga qaratilgan.

Nikoh shartnomasi tuzgan juftliklar uchun davlat boji bekor qilinishi rejalashtirilmoqda © Oliy Majlis Senati

O‘zbekistonda rasmiy nikohni qayd etganlik uchun davlat boji undirish bekor qilinishi kutilmoqda. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnoza Kattaxonova 11-sentabr kuni Senat majlisida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oilaviy munosabatlarni tartibga solishni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Hozirda hujjat Prezident administratsiyasiga kiritilgan.

Loyihada nikohni qayd etish jarayonini soddalashtirish va fuqarolar uchun qulaylik yaratishga qaratilgan bir qator o‘zgarishlar nazarda tutilgan.

«Nikoh shartnomasi tuzilganda, nikohlanuvchilarni nikoh qayd etilgani uchun davlat boji to‘lashdan ozod etish taklif qilinmoqda. Bo‘ndan maqsad — nikoh shartnomasi tuzishni targ‘ib qilishdan iborat», dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Amaldagi tartibga ko‘ra, nikohni qayd etganlik uchun davlat boji bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi — 88 ming so‘mni tashkil etadi.

Nikohlar soni kamaymoqda

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda nikohlar soni kamayib bormoqda.

2026-yilning yanvar–iyun oylarida mamlakatda 92,3 mingta nikoh qayd etilgan. 2025-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 95,3 mingta, 2024-yilning dastlabki olti oyida esa 97,4 mingta bo‘lgan.

2022-yil yanvar–iyun oylarida esa qariyb 108,9 mingta nikoh qayd etilgan.

Voyaga yetmaganlar nikohi bo‘yicha yangi choralar

Senat majlisida voyaga yetmaganlar nikohi, homiladorlik va tug‘ruq holatlari bo‘yicha ichki ishlar organlarini xabardor qilish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Dilnoza Kattaxonovaning aytishicha, bunday holatlar haqida ichki ishlar organlarini xabardor qilishga oid hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilgan. Shuningdek, tegishli mansabdor shaxs yoki xodim bunday holat haqida xabar bermagan taqdirda ma’muriy javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ham tayyorlangan.

«Yaqin kunlarda qonun kuchga kirishi kutilmoqda. Bunday holat haqida xabar berish majburiyati yuklangan mansabdor shaxs yoki xodim tomonidan ichki ishlar organlariga xabar berilmagani uchun ma’muriy javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ham ishlab chiqildi. Senat tavsiyasi asosida profilaktika uch bosqichli tizimga o‘tkaziladi. Ya’ni, mahallada xavf guruhidagi oila aniqlanib, ota-ona bilan manzilli ishlanadi. Tumanda maktab, mahalla, sog‘liqni saqlash, bandlik va huquq-tartibot organlari ishtirokida idoralararo ish tashkil etiladi. Oilaga psixolog, yurist va ijtimoiy yordam xodim yordami ko‘rsatiladi. Hududlarda esa har bir tuman va mahalla bo‘yicha erta nikoh xavfi indeksi joriy qilinib, yagona monitoring tashkil etiladi», dedi qo‘mita raisi.

Yangi yondashuvga ko‘ra, profilaktika ishlari uch bosqichda olib boriladi. Dastlab mahallalarda xavf guruhiga kiruvchi oilalar aniqlanib, ular bilan manzilli ish olib boriladi.

Keyingi bosqichda tuman darajasida maktab, mahalla, sog‘liqni saqlash, bandlik va huquq-tartibot organlari ishtirokida idoralararo ish tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Oilalarga psixolog, yurist va ijtimoiy yordam xodimlari ko‘magini ko‘rsatish rejalashtirilmoqda.

Hududiy darajada esa har bir tuman va mahalla kesimida erta nikoh xavfi indeksi joriy etilib, yagona monitoring tizimi yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.

Kattaxonovaning ta’kidlashicha, bu yo‘nalishda yoshlar yetakchilari, profilaktika inspektorlari va xotin-qizlar faollari ham maktablarda profilaktik suhbatlar o‘tkazishni boshlaydi.

Avvalroq Vaqt.uz 2026 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 24 815 ta nikohdan ajralish qayd etilgani haqida xabar bergan edi. Ajrimlarning 60,1 foizi shaharlarda qayd etilgan bo‘lib, hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida — 3222 ta qayd etilgan.

Теглар

Мавзуга оид