Odam organlari savdosi bilan shug‘ullanganlar ushlandi

18.02.2026 | 13:101 дақиқа

Toshkentda odam organlari oldi-sotdisi bilan shug‘ullangan er-xotin qo‘lga olindi. Ular o‘z mijozlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali topgan.

Odam organlari savdosi bilan shug‘ullanganlar ushlandi

Toshkent shahrida inson a’zolari va to‘qimalarining noqonuniy oldi-sotdisi bilan shug‘ullangan jinoiy guruh fosh etildi. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 37 yoshli erkak va uning turmush o‘rtog‘i donorlar va mijozlar o‘rtasida vositachilik qilib kelgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, muqaddam bezorilik uchun sudlangan erkak turmush o‘rtog‘i bilan til biriktirgan. Ular «oson pul topish» maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda insonlarda rahm-shafqat uyg‘otuvchi videolar tarqatib, odamlarni a’zolarini sotishga undagan.

Tezkor tadbirlar davomida gumonlanuvchilar donorlarni operatsiya qilish uchun Tojikistonning Dushanbe shahridagi «Istiqlol» klinikasiga yuborgani aniqlangan. Shuningdek, erkakning o‘zi ham buyrak ko‘chirish operatsiyasini boshdan kechirgani ma’lum bo‘lgan. Bu jarayonda yana bir nechta shaxslar yordam bergani qayd etilmoqda.

Ushbu faoliyatni amalga oshirishda Telegram, Instagram va YouTube tarmoqlarida kanal yurituvchi shaxs ham ishtirok etgan. U donor va mijozlarni topishda vositachilik qilib, guruh faoliyatini kengaytirishga ko‘maklashgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 133−1-moddasi 2-qismi, ya’ni inson a’zolari yoki to‘qimalarining oldi-sotdisi bilan bog‘liq jinoyat alomatlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид