Ofitserlarining oylik ustamasi ikki baravarga oshiriladi, askarlar maoshi ham ko‘payadi

Urganch, Termiz, Andijon davlat universitetlari, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Andijon davlat tibbiyot institutida yana 5 ta harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi tashkil etiladi.

Ofitserlarining oylik ustamasi ikki baravarga oshiriladi, askarlar maoshi ham ko‘payadi

Mudofaa vazirligi ofitserlariga xizmat yillari uchun to‘lanadigan har oylik ustama miqdori ikki baravarga oshiriladi, kontrakt bo‘yicha xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning oylik pul ta’minoti 10 foizga ko‘paytiriladi. Prezident shavkat Mirziyoyev mazkur taklifni qo‘llab-quvvatlab, tegishli hujjatlarni imzoladi.

9-may – Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbariga harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, rezerv va zaxiradagi ofitserlar tayyorlash tizimini takomillashtirish yuzasidan axborot berildi.

Taqdimotda rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Qayd etilishicha, dunyoda yuz berayotgan harbiy mojarolar tahlili urush davridagi safarbarlik ehtiyojlaridan kelib chiqib, tinchlik davrida harbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan ofitserlar zaxirasini shakllantirish va ularni mutaxassisliklar bo‘yicha to‘g‘ri taqsimlash dolzarb vazifa ekanini ko‘rsatmoqda.

Harbiy tayyorgarlik

Hozirgi kunda 4 ta oliy ta’lim va 2 ta oliy harbiy ta’lim muassasasining harbiy tayyorgarlik o‘quv markazlari va fakultetlarida 42 ta mutaxassislik bo‘yicha rezerv hamda zaxiradagi ofitserlar tayyorlanyapti. Bunga qo‘shimcha ravishda Urganch, Termiz, Andijon davlat universitetlari, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Andijon davlat tibbiyot institutida yana 5 ta harbiy tayyorgarlik o‘quv markazini tashkil etiladi.

Shuningdek, davlat oliy ta’lim muassasalarida qo‘shimcha ravishda “Chaqiriqqacha harbiy ta’lim” yo‘nalishi bo‘yicha 3 yillik bakalavriat ta’limi asosida rezerv va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Harbiy tibbiyot institutida esa ilk bor klinik ordinatura va magistraturaga qabul qilingan hamda harbiy tayyorgarlikdan o‘tish istagini bildirgan talabalar to‘lov-kontrakt asosida o‘qitiladi. Bunday imkoniyat nodavlat oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun ham yaratiladi.

Bugungi kunda dolzarb bo‘lgan sun’iy intellekt, dron, robototexnika kabi zamonaviy va tor mutaxassisliklar bo‘yicha ham zaxira ofitserlari tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari uchun ilg‘or xorijiy armiyalar tajribasi asosida yangi o‘quv reja va dasturlar ishlab chiqiladi.

Jangovar shaylik

Yig‘ilishda avvalo, armiyaning jangovar shayligi va tayyorgarligini rivojlantirish, shaxsiy tarkibga yangi tizim asosida ta’lim berish va kasbga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berildi.

Xususan, jangovar shaylik yo‘nalishida qo‘shinlarda majmuaviy strategik va qo‘mondonlik shtab o‘quvlari, yig‘in, dala chiqishlari va o‘quv kurslari tizimli ravishda o‘tkazib kelinayotgani, bunda shaxsiy tarkibda axloqiy-ruhiy, real jangovar vaziyatlarda qo‘rquv va emotsiyalarni boshqarish hamda dadil harakatlana olish kabi muhim jangovar sifatlarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.

Zamonaviy jangovar harakatlar tahlilidan kelib chiqib, barcha o‘quv, trening va mashg‘ulotlarda jang olib borishning yangi usul va shakllari o‘zlashtirilayotgani, bo‘linmalarning mobilligini, jangovar imkoniyatlarini va qo‘yilgan vazifalarni mustaqil bajarish qobiliyatini oshirishga qaratilgan tegishli chora-tadbirlar ko‘rilayotgani yuzasidan axborot berildi.

Теглар

Мавзуга оид

Ofitserlarining oylik ustamasi ikki baravarga oshiriladi, askarlar maoshi ham ko‘payadi | Vaqt.uz