O‘g‘irlab ketilgani aytilgan «Anorbank» aksiyadori yuridik kompaniya orqali bayonot berdi
U so‘nggi 18 oy davomida o‘zi va oilasi bir qator hujumlarga duch kelganini aytib, bu harakatlar jinoyatligi va qonunga zidligini aytmoqda. Bankir oldinroq Interpol qidiruviga berilib, keyin qidiruvdan olib tashlangandi.
© Ijtimoiy tarmoqlarInterpol qidiruviga tushib, sal o‘tmay qidiruv bekor qilingan «Anorbank» aksiyadori, o‘zbekistonlik moliyachi Qahramonjon Olimov so‘nggi 18 oy davomida o‘zi va oilasi turli hujumlarga duch kelganini aytib chiqdi. Uning bayonotini 16-oktabr kuni Olimovning yuridik vakili — «Fedida Associes» e’lon qildi.
Bankirning aytishicha, so‘nggi 18 oy davomida u va uning oilasi bir qator hujumlarga duch kelgan. U bu harakatlar jinoyatligi va qonunga zidligini aytmoqda. Olimov ushbu bayonotni noto‘g‘ri ma’lumotlarga aniqlik kiritish va voqealar haqida haqiqatni bayon qilish uchun berganini aytdi.
Olimov 2025-yil 24-iyunda Parijda uni o‘g‘irlab ketishganini yana bir bor ta’kidladi.
«Ikki kun davomida ushlab turishdi, qiynoqqa solishdi va ozodlikka chiqishim uchun tovon puli to‘lashga majbur qilishdi», — deydi u.
Uning aytishicha, Fransiya politsiyasining tergovidan so‘ng besh kishi hibsga olingan va hozir tergov davomida qamoqda saqlanmoqda. Yana ikki kishiga nisbatan sud nazorati chorasi qo‘llangan. Fransiya sud organlari ularga qarshi jinoiy ishni tayyorlamoqda. Ular sodir etgan deb gumon qilinayotgan qilmishlar jiddiyligi sababli, ularni garov evaziga ozodlikka chiqarish haqidagi barcha so‘rovlar rad etilgan.
«Shundan beri menga va biznesimga nisbatan iqtisodiy, huquqiy hamda obro‘yimga putur yetkazuvchi bosimlar davom etmoqda va kuchaymoqda. Eng so‘nggi provokatsiya esa O‘zbekiston tomonidan menga nisbatan Interpolning xalqaro qidiruvi — “qizil xabarnoma”si e’lon qilingani bo‘ldi. Unda meni odam o‘g‘irlashda ayblashgan, vaholanki, bu voqeada jabrlanuvchi o‘zimman. Hozirda ushbu xabarnoma Interpol saytidan olib tashlangan. Men o‘zimga qo‘yilgan barcha uydirma ayblovlarni qat’iyan rad etaman va ularga qarshi sudda kurashyapman», — urg‘ulaydi Olimov.
U Fransiya va O‘zbekiston sud tizimlariga ishonishini aytib, bu voqealarga mas’ul shaxslar qilmishlari uchun javob berishiga qat’iy ishonishini bildirdi.
«Afsuski, ularning harakatlari men sevgan vatanim — O‘zbekistonning obro‘siga putur yetkazmoqda. Bu harakatlar prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qonun ustuvorligi ta’minlangan, zamonaviy va farovon O‘zbekistonni barpo etish, mahalliy hamda xorijiy investorlar uchun qulay sharoit yaratish maqsadlariga ziddir», — deydi u.
Olimovni himoya qilayotgan «Fedida Associes» 1996-yilda Jan-Mark Fedida tomonidan tashkil etilgan yuridik kompaniya dastlabdan jinoiy ishlar bo‘yicha himoya bilan shug‘ullanib keladi. Fransiyada va xorijdagi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda to‘plangan tajriba asosida kompaniya keyinchalik biznes va iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarga oid ishlar bilan ham shug‘ullana boshlagan.
«Anorbank» kuzatuv kengashidan chiqmoqchi
Olimov 2-oktabr kuni bankning kuzatuv kengashi tarkibidan chiqish to‘g‘risida ariza bergandi. Mazkur masala 28-oktabr kuni aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestrining avval e’lon qilingan ma’lumotlariga ko‘ra, «Anorbank» aksiyalarining 49,4 foizi Olimovga, 50 foizi Niderlandiyaning Bekamin B.V. kompaniyasiga, 0,6 foizi esa «Kapital Sug‘urta» sug‘urta kompaniyasiga tegishli bo‘lgan.
Fitch «Anorbank» reytingini yana pasaytirdi
«Fitch Ratings» 8-oktabr kuni «Anorbank»ning milliy va xorijiy valutadagi uzoq muddatli reytingini «CCC+» dan «CCC» ga tushirdi. Bankning hayotiylik reytingi ham «ccc+» dan «ccc» ga pasaydi. Ikkala reyting «salbiy» kuzatuv ro‘yxatiga kiritildi. Bu reyting sentabr oyidan beri ikkinchi marta pasayish hisoblanadi.
«Anorbank»ning moliyaviy ko‘rsatkichlari qanday?
2026-yil 1-sentabr holatiga ko‘ra, «Anorbank»ning aktivlari 21,4 trln so‘m, majburiyatlari esa 19,8 trln so‘mni tashkil etgan.
Bankning likvidlik ko‘rsatkichlari Markaziy bank tomonidan belgilangan minimal talablardan yuqori bo‘lgan. Jumladan, yuqori likvidli aktivlarning jami aktivlardagi ulushi 16,9 foizni tashkil etgan, minimal talab esa 10 foiz etib belgilangan.
Shuningdek, likvidlikni qoplash me’yori (LCR) 116 foiz, sof barqaror moliyalashtirish me’yori (NSFR) 128 foizni tashkil etgan. Har ikki ko‘rsatkich bo‘yicha minimal talab 100 foizga teng.
Bankning regulyativ kapital monandligi koeffitsiyenti 13 foiz bo‘lgan. Bu ham belgilangan 12 foizlik minimal talabdan yuqori.
Bundan tashqari, Markaziy bankning bank tizimi bo‘yicha taqqoslama ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-avgust holatida «Anorbank» aktivlari 20,2 trln so‘mni tashkil etgan. Aktivlar hajmi bo‘yicha bank bir yil ichida tizimdagi banklar orasida 17-o‘rindan 14-o‘ringa ko‘tarilgan.
Shu davrda bankning depozit portfeli 16,2 trln so‘mga yetib, bir yil ichida 44 foizga oshgan. Bank tizimi bo‘yicha depozitlarning o‘rtacha o‘sishi esa 34 foizni tashkil etgan. Depozit portfeli hajmi bo‘yicha «Anorbank» 13-o‘rindan 12-o‘ringa, davlat ulushi bo‘lmagan banklar orasida esa 6-o‘rindan 5-o‘ringa ko‘tarilgan. Umuman olganda, keltirilgan ko‘rsatkichlar «Anorbank»ning likvidligi, kapitali va depozit bazasi bo‘yicha ijobiy dinamikaga ega ekanini ko‘rsatadi.





