Olimpiada sovg‘asi: boshqalarga telefon, rossiyaliklarga esa — «shampun va tish pastasi»
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi nega rossiyalik sportchilar homiylar tomonidan beriladigan sovg‘adan mahrum qilinganini tushuntirdi.

Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan rossiyalik sportchilarga boshqa atletlar kabi smartfonlar sovg‘a qilinmadi. Bu haqda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi ma’lum qildi.
Tashkilotchilar o‘yinlar boshlanishidan avval barcha ishtirokchilarga «Samsung» kompaniyasi tomonidan telefonlar sovg‘a qilinishi haqida xabar bergan edi. Ushbu brend Xalqaro olimpiya qo‘mitasining rasmiy homiylaridan biri hisoblanadi.
Biroq 17-fevral kuni rossiyalik sportchi Nikita Filippov o‘zi va boshqa rossiyalik sportchilar smartfon olmaganini bildirdi. Uning aytishicha, ularga faqat shampun va tish pastasi kabi gigiyena vositalari berilgan.
Olimpiya qo‘mitasi izohi
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi bu holatni Yevropa Ittifoqi qonunchiligi bilan izohladi. Rasmiylarga ko‘ra, ayrim davlat sportchilariga elektron qurilmalarni tarqatish taqiqlangan. Bu cheklov sanksiyalar doirasida amal qilmoqda.
Ma’lumki, 2022 yildan buyon Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan hashamatli buyumlar yetkazib berishni taqiqlagan. Qiymati 750 yevrodan yuqori bo‘lgan telefonlar ham ushbu toifaga kiradi.
Parij-2024 tajribasi
Shu kabi holat 2024 yil Parij shahrida o‘tgan Olimpiadada ham kuzatilgan. O‘shanda ham rossiyalik sportchilarga homiylar tomonidan telefonlar sovg‘a qilinmagan edi.





