O‘zbekiston 157 mln yevroga o‘nta Škoda elektropoyezdi sotib oladi
Yangi tarkiblar 1983–1987 yillarda ishlab chiqarilgan elektropoyezdlar o‘rniga olib kelinadi va yetti yo‘nalishda harakatlanadi.

O‘zbekistonda shahar atrofidagi yo‘lovchi tashuvlarini yangilash uchun Chexiyaning «Škoda Transportation» kompaniyasidan 10 ta «ŠKODA 25Ev» elektropoyezdini xarid qilish rejalashtirilmoqda.
Toshkent shahar Kengashi ma’qullagan loyiha konsepsiyasiga ko‘ra, uning umumiy qiymati 157 mln yevroni tashkil etadi.
Eski poyezdlar almashtiriladi
Yangi tarkiblar 1983–1987 yillarda ishlab chiqarilgan 10 ta ER9Ye seriyali elektropoyezdlar o‘rniga olib kelinadi.
To‘rt vagonli yangi poyezd 432 ta o‘ringa mo‘ljallangan. Poyezdlar soatiga 160 kilometrgacha tezlikda harakatlanadi. Ular iqlim nazorati, Wi-Fi, videokuzatuv, nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun maxsus joylar va zamonaviy axborot tizimlari bilan jihozlanadi.
Yo‘nalishlar
10 ta poyezd yetti yo‘nalishda ishlatilishi rejalashtirilgan. Ular Toshkent–Chirchiq–Chinorkent, Toshkent–Yangio‘l–Bekobod, Toshkent–Nurafshon–Ohangaron–Angren, Toshkent–Keles, Qo‘qon–Namangan–Andijon–Marg‘ilon, Samarqand–Buxoro va Samarqand–Qarshi–Shahrisabz marshrutlariga taqsimlanadi.
Ushbu yo‘nalishlarda kuniga 32–40 ming nafar yo‘lovchi tashish kutilmoqda. Loyiha hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030 yilga borib ushbu yo‘nalishlarda yillik yo‘lovchilar soni 23,5 mln nafarga yetishi kutilmoqda.
Bilet narxi masofaga qarab 10 ming so‘mdan 30 ming so‘mgacha bo‘lishi rejalashtirilgan. Tarif haqiqiy ekspluatatsiya xarajatlarini qoplamagani sababli, farq davlat tomonidan qoplanadi.





