O‘zbekiston AQSH va Eron kelishuvini olqishladi
Toshkent Vashington va Tehron o‘rtasida imzolangan anglashuvni mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash va keskinlikni yumshatish yo‘lidagi muhim diplomatik qadam deb baholadi.
© Tashqi ishlar vazirligiO‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Amerika Qo‘shma Shtatlari va Eron Islom Respublikasi o‘rtasida imzolangan o‘zaro Anglashuv memorandumiga munosabat bildirdi.
Bayonotda qayd etilishicha, Toshkent mazkur hujjatni hozirgi murakkab xalqaro sharoitda keskinlikni yumshatish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni tiklashga qaratilgan muhim diplomatik yutuq sifatida baholaydi.
«O‘zbekiston AQSH va Eron o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanganini hozirgi murakkab xalqaro sharoitda keskinlikni yumshatish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni tiklash yo‘lidagi muhim diplomatik yutuq sifatida olqishlaydi», — deyiladi bayonatda.
Shuningdek, erishilgan kelishuv xalqaro hamjamiyat uzoq vaqtdan buyon kutgan tinchlik yo‘lidagi barqaror yechim uchun mustahkam zamin yaratishi ta’kidlangan.
Bayonotda muzokaralarga zamin yaratishda ishtirok etgan Pokiston va Qatarning hissasini yuqori baholab, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Misr hamda boshqa mintaqaviy hamkorlarning sa’y-harakatlarini ham e’tirof etilgan.
O‘zbekiston tomoni muzokaralarning keyingi bosqichlari konstruktiv ruhda davom etishi va erishilgan kelishuvlar amalda samarali ijro etilishiga umid bildirgan.
Bayonot so‘ngida nizo va qarama-qarshiliklarni xalqaro huquq tamoyillari, o‘zaro hurmat hamda barcha tomonlar manfaatlarini inobatga olgan holda diplomatik vositalar orqali hal etish tinchlik va xavfsizlikning asosiy kafolati ekani qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH va Eron prezidentlari ikki davlat o‘rtasidagi urushga yakun yasashga qaratilgan vaqtinchalik kelishuv matnini imzolangani haqida xabar bergan edik.





