Logo

O‘zbekiston ingliz tilini bilish bo‘yicha 117 davlat ichida 101-o‘rinni egalladi

Бугун 22:352 дақиқа

Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida faqat Turkmaniston ingliz tilini bilish darajasi «past» toifasiga kiritilgan. Mintaqaning qolgan to‘rt davlati «juda past» guruhidan joy olgan.

O‘zbekiston ingliz tilini bilish bo‘yicha 117 davlat ichida 101-o‘rinni egalladi

O‘zbekiston ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha 2026 yilgi jahon reytingida 117 ta mamlakat va hudud orasida 421 ball bilan 101-o‘rinni egalladi. Bu haqda EF Education First tashkiloti e’lon qilgan EF EPI 2026 hisobotida ma’lum qilindi.

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston o‘tgan yilga nisbatan uch pog‘ona yuqorilagan. Shunga qaramay, mamlakatning umumiy bali 429 dan 421 ga tushgan. O‘zbekiston ingliz tilini bilish darajasi «juda past» deb baholangan mamlakatlar guruhida qolmoqda.

Reyting 117 ta mamlakat va hududdagi 2,3 million nafar katta yoshli fuqaroning test natijalari asosida tuzilgan. Umumiy ro‘yxatda O‘zbekiston 100-o‘rindagi Iordaniya (422 ball) va 102-o‘rindagi Mo‘g‘uliston (420 ball) o‘rtasida joylashgan.

Markaziy Osiyo va postsovet davlatlari natijalari

Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida faqat Turkmaniston ingliz tilini bilish darajasi «past» toifasiga kiritilgan. Mintaqaning qolgan to‘rt davlati «juda past» guruhidan joy olgan:

— Turkmaniston — 71-o‘rin (476 ball);
— Qirg‘iziston — 90-o‘rin (445 ball);
— Qozog‘iston — 99-o‘rin (424 ball);
— O‘zbekiston — 101-o‘rin (421 ball);
— Tojikiston — 110-o‘rin (405 ball, Iroq bilan teng).

Postsovet hududidagi boshqa davlatlardan Latviya 13-o‘rin (592 ball) va Litva 29-o‘rin (552 ball) bilan «yuqori» guruhga kirgan. Gruziya (32-o‘rin, 540 ball), Belarus (37-o‘rin, 528 ball), Moldova (39-o‘rin, 527 ball), Ukraina (41-o‘rin, 524 ball), Armaniston (45-o‘rin, 519 ball) va Rossiya (49-o‘rin, 516 ball) «o‘rtacha» darajada, Ozarboyjon esa 85-o‘rinda (451 ball) «past» darajada qayd etilgan.

Jahon reytingi yetakchilari va quyi pog‘onalar

2026 yilgi reytingda Shvetsiya 615 ball bilan birinchi o‘rinni egalladi. Mamlakat Yevropaning 33 davlati orasida ham yetakchilik qilmoqda. Ingliz tilini bilish darajasi «juda yuqori» deb baholangan guruhdan jami sakkizta davlat joy olgan:

— Shvetsiya — 615 ball;
— Avstriya — 613 ball;
— Daniya — 612 ball;
— Germaniya — 611 ball;
— Niderlandiya — 609 ball;
— Xorvatiya — 608 ball;
— Portugaliya — 605 ball;
— Norvegiya — 603 ball.

Ro‘yxatning eng so‘nggi pog‘onalarini Sudan (114-o‘rin, 400 ball), Kot-d’Ivuar (115-o‘rin, 399 ball), Kambodja (116-o‘rin, 397 ball) va Somali (117-o‘rin, 395 ball) egallagan.

EF EPI 2026 hisobotida global miqyosda turli soha va kasb vakillarining o‘rtacha ballari ham e’lon qilingan. Eng yuqori natija strategiya va loyihalarni boshqarish yo‘nalishida (549 ball) qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarda ilmiy-tadqiqot va ishlanmalar (R&D — 527 ball), mijozlarga xizmat ko‘rsatish (521 ball), o‘qituvchilar (516 ball) hamda IT sohasi (515 ball) joylashgan.

Operatsion boshqaruv 509 ball, savdo 500 ball, yurisprudensiya, xaridlar hamda sohasi ko‘rsatilmagan yoki ishsizlar guruhi 496 balldan, marketing 491 ball, talabalar 487 ball, kadrlar boshqaruvi (HR) 485 ball va ma’muriy xodimlar 484 ball to‘plagan. Eng past ko‘rsatkichlar buxgalteriya va moliya (465 ball) hamda texnik xodimlar (446 ball) yo‘nalishida qayd etilgan.

Теглар

Мавзуга оид