Logo

O‘zbekiston Qirg‘izistonga yirik biznes takliflarini berdi

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Qirg‘iziston bilan farmatsevtika va sanoatda qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Uning ta’kidlashicha, bunday kooperatsiya ikki mamlakatga YOII va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish imkonini beradi.

O‘zbekiston Qirg‘izistonga yirik biznes takliflarini berdi © Foto: sputnik.kg

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Qirg‘iziston–O‘zbekiston biznes forumida ikki davlat o‘rtasida qo‘shma farmatsevtika ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday kooperatsiya orqali YOII bozoriga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish mumkin.

Vazirning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo emas. Biroq Qirg‘iziston bilan hamkorlikda tashkil etiladigan ishlab chiqarishlar YOII mamlakatlari bozoriga chiqish uchun yangi imkoniyat yaratadi.

«O‘zbekiston YOII a’zosi hisoblanmaydi, ammo Qirg‘iziston bilan hamkorlik qilish orqali bu yerda samarali farmatsevtika ishlab chiqarishlarini tashkil etishimiz va keyinchalik YOII bozorlariga chiqishimiz mumkin. Yoki O‘zbekiston orqali Janubiy Osiyo yo‘nalishida ishlash imkoniyati mavjud», — dedi Qudratov.

Bozor hajmi katta

Vazirning ma’lum qilishicha, Qirg‘iziston har yili 2 milliard dollardan ortiq farmatsevtika mahsulotlarini import qiladi. Janubiy Osiyo mamlakatlarida ushbu bozor hajmi taxminan 65 milliard dollarga, YOII mamlakatlarida esa 30 milliard dollarga teng.

Shuningdek, elektrotexnika sanoati ham hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishi sifatida qayd etildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston va O‘zbekiston sezilarli mis, alyuminiy va boshqa xom ashyo zaxiralariga ega bo‘lib, bu transformatorlar, elektr dvigatellari, kabel-o‘tkazgich va boshqa mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqarishni rivojlantirish imkonini beradi.

Qayd etilishicha, so‘nggi uch yilda O‘zbekiston elektrotexnika mahsulotlari eksportini 162 mamlakatgacha kengaytirgan.

Yangi qo‘shma loyihalar

Forumda qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va chorvachilik sohalarida ham hamkorlikni kuchaytirish taklif qilindi.

Xususan, noyabr oyida Issiqko‘l viloyatida kartoshkani sanoat usulida yetishtirish loyihasini boshlash, oktabr oyida esa Chuy viloyatida ko‘chatlar yetishtirish uchun «Do‘stlik bog‘i»ni tashkil etish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston, shuningdek, jun va teri mahsulotlarini qayta ishlash hamda to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekani bildirilgan.

Теглар

Мавзуга оид