O‘zbekiston Turkiy jamg‘arma doirasida investitsiya portfelini shakllantiradi

O‘zbekistonda Turkiy investitsiya jamg‘armasi ishtirokida sanoat, infratuzilma, transport, qishloq xo‘jaligi va raqamli texnologiyalar sohalarida loyihalar amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Turkiy jamg‘arma doirasida investitsiya portfelini shakllantiradi © Foto: t.me/MIIT_Uz

2-may kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Turkiy investitsiya jamg‘armasi prezidenti Bag‘dod Amreyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralarda jamg‘armaning joriy holati, operatsion faoliyatini yo‘lga qo‘yish va institutsional shakllantirishga doir navbatdagi choralar ko‘rib chiqilgan.

Investitsiya yo‘nalishlari kengaymoqda

O‘zbekiston tomoni Turkiy investitsiya jamg‘armasining amaliy ish bosqichiga o‘tishini olqishlab, ushbu tuzilmaning turkiy dunyodagi istiqbolli investitsiya salohiyatiga ega ilk qo‘shma moliyaviy institut sifatidagi o‘rnini alohida ta’kidlagan.

«Uchrashuvda O‘zbekistonning Jamg‘arma faoliyatida faol ishtirok etishga, jumladan, sanoat, infratuzilma, transport, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar va boshqa sohalarda investitsiya loyihalari portfelini shakllantirishga bo‘lgan qiziqishi qayd etildi», —deyiladi xabarda.

Qo‘shma moliyalashtirish va yangi loyihalar

Shuningdek, xalqaro moliya institutlari va xususiy investorlar ishtirokida qo‘shma moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Muzokaralar yakunida tomonlar aniq loyihalar portfelini shakllantirish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Shu bilan birga, tizimli texnik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelgusi tadbirlar rejasi belgilab olingan.

Теглар

Мавзуга оид