O‘zbekistonda 10 ta OTM milliy tadqiqot universitetiga aylanadi

Бугун 16:332 дақиқа

O‘zbekistonda 10 ta universitetga milliy tadqiqot maqomi berilib, 2027-yildan reyting asosida moliyalashtirish joriy etiladi

O‘zbekistonda 10 ta OTM milliy tadqiqot universitetiga aylanadi

3-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda ilm-fanni iqtisodiyot bilan uzviy bog‘lash va ta’lim hamda tadqiqot integratsiyasini kuchaytirish muhim vazifa sifatida belgilandi.

Shu asosda «U10 — O‘zbekistonning global darajadagi ilg‘or universitetlari» dasturini amalga oshirish rejalashtirilgan. Dastur doirasida tanlov orqali 10 ta oliy ta’lim muassasasiga milliy tadqiqot universiteti maqomi beriladi va ular negizida ilmiy klasterlar tashkil etiladi.

Tanlovda qamrab olinadigan mezonlar

Tanlovda professor-o‘qituvchilar salohiyati, universitetlarning milliy va xalqaro reytinglardagi o‘rni, ilmiy infratuzilmasi hamda moliyaviy ko‘rsatkichlari asosiy mezon sifatida baholanadi. Ilmiy klasterlar mahalliy va xorijiy universitetlar, ilmiy markazlar va sanoat korxonalari ishtirokida konsorsium shaklida ishlaydi.

Har bir universitetga jamg‘armadan pul ajratiladi

Mazkur klasterlarni rivojlantirish uchun Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan har bir universitetga 150 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratilishi belgilangan.

Universitetlar reytingiga ko‘ra moliyalashtiriladi

Shuningdek, oliy ta’lim tizimida natijaga yo‘naltirilgan moliyalashtirish mexanizmi joriy etiladi. 2027 yildan boshlab universitetlar milliy reyting natijalariga ko‘ra rag‘batlantiriladi. Bunda ta’lim sifati, ilmiy faoliyat, xalqaro hamkorlik, raqamlashtirish va bitiruvchilar bandligi kabi ko‘rsatkichlar hisobga olinadi.

Davlat granti asosida o‘quvchi talabalar uchun ajratiladigan mablag‘larni shakllantirishda ham yangi yondashuvlar qo‘llaniladi. Ta’lim yo‘nalishining murakkabligi, mehnat bozori ehtiyojlari, universitet reytingi va hududiy omillar muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish tizimi ham yangilanadi. Davlat dasturlari doirasidagi mablag‘larning kamida 50 foizi ustuvor yo‘nalishlarga yo‘naltirilib, loyihalar xalqaro ekspertlar ishtirokida saralanadi.

Теглар

Мавзуга оид