O‘zbekistonda 3 oy ichida qancha ipoteka krediti ajratilgani ma’lum qilindi

2026 yil birinchi choragida O‘zbekistonda ipoteka kreditlari ajratilishi jadallashdi, hududlar kesimida ham, yoshlar ulushida ham sezilarli o‘sish qayd etildi.

O‘zbekistonda 3 oy ichida qancha ipoteka krediti ajratilgani ma’lum qilindi © yuz.uz

O‘zbekistonda ipoteka kreditlash dasturi doirasida 2026 yilning birinchi choragi yakuniga ko‘ra jami 11 762 ta kredit ajratildi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kreditlarning umumiy hajmi 3,47 trln so‘mni tashkil etgan.

Hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etildi. Bu yerda 1 634 ta ipoteka krediti ajratilgan bo‘lib, ularning umumiy summasi 579,2 mlrd so‘mga teng. Shuningdek, Andijon (1 350 ta), Qashqadaryo (1 298 ta) va Toshkent viloyati (1 085 ta) ham yetakchi hududlar qatoridan joy olgan.

Surxondaryo viloyatida ham yuqori faollik kuzatilib, 1 079 ta kredit ajratilgan. Farg‘ona (991 ta) va Xorazm (882 ta) viloyatlari ham ipoteka kreditlari soni bo‘yicha yuqori o‘rinlarda qayd etilgan. Eng past ko‘rsatkichlar esa Buxoro (302 ta) va Sirdaryo (366 ta) viloyatlarida kuzatilgan.

1

Banklar kesimida esa “Xalq banki” yetakchilikni saqlab qolmoqda — 3 238 nafar fuqaroga 964,9 mlrd so‘m ipoteka krediti ajratilgan. Keyingi o‘rinlarda “Milliy bank” (2 260 ta, 689,7 mlrd so‘m) va “Agrobank” (2 016 ta, 584,7 mlrd so‘m) joylashgan.

Yoshlar uchun ajratilgan ipoteka kreditlari ham salmoqli ulushni tashkil etmoqda. Jami 967,2 mlrd so‘mlik kreditlar yoshlarga to‘g‘ri kelib, bu umumiy hajmning 27 foizini tashkil etadi. Ayrim hududlarda bu ko‘rsatkich yanada yuqori — masalan, Surxondaryoda 33 foizga yetgan.

2

Теглар

Мавзуга оид