O‘zbekistonda 6,6 mingdan ortiq bank kartasi bloklandi

2026-yilning birinchi choragida 3,5 mingdan ortiq kiberjinoyat fosh etildi, 50 mlrd so‘mdan ziyod zarar qaytarildi.

O‘zbekistonda 6,6 mingdan ortiq bank kartasi bloklandi © papabankir

2026-yilning dastlabki uch oyi davomida 32 mlrd so‘m pullarning noqonuniy chetga chiqib ketishi oldi olindi hamda 6 661 ta jinoyatga aloqador bank kartalari bloklandi. Bu haqda Ichki ishlar organlari faoliyati yuzasidan joriy yilning birinchi choragi bo‘yicha tahliliy hisobotda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, vazirlik tizimida 2026-yil «Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yili» deb e’lon qilinib, aniq va maqsadli chora-tadbirlar belgilab olingan. Markaziy bank bilan hamkorlikda yaratilgan maxsus tizim orqali kelib tushgan ariza asosida ayni vaqtning o‘zida bank kartasidan o‘zlashtirilgan pullarini to‘xtatish (bloklash) mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan.

Fosh etilgan kiberjinoyatlar

2026-yilning o‘tgan 3 oyida jami 3 554 ta kiberjinoyat fosh etilgan, 1 125 ta jinoyat tashabbus

bilan aniqlangan va 5 mingdan ortiq fuqaroga yetkazilgan 50 mlrd so‘mdan ziyod moddiy zarar qaytarilgan. Shuningdek, fuqarolarning bank hisobvaraqlaridan mablag‘larni noqonuniy yechib olishga yo‘naltirilgan 270 ta «fishing» zararli dasturlari to‘xtatilib, 300 mingdan ortiq fuqarolarning qurilmalari hamda pul mablag‘lari talon-torojdan himoyalangan.

Internet monitoringi natijasida 186 ta ma’lumot o‘rganilib, 86 ta xavfli resurs bloklangan, 856 ta firibgarlikka undovchi zararli havolalar faoliyatiga chek qo‘yilgan. Kibermakonda taqiqlangan materiallarni tarqatgan 168 nafar shaxslar ma’muriy va 97 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Yangi tizim

«Sardblok» axborot tizim yaratilib, unda fuqarodan ariza tushishi bilan shu vaqtning o‘zida undagi bank kartalaridagi pullarining aylanmasini Markaziy bank bilan hamkorlikda to‘xtatish imkoniyati yaratilgan. Eng asosiysi, ortiqcha qog‘ozbozliksiz shubhali bank kartalarni darhol bloklanishiga va vaqtning tejalishiga erishilgan. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 32 mlrd so‘mning noqonuniy chetga chiqishining oldi olingan, 6 661 ta jinoyatga aloqador dropkarta bloklangan.

Zararli dasturlarni aniqlab bloklash tizimi bo‘lgan «Sybershild» yordamida 270 ta «fishing» dasturi to‘xtatilib, so‘nggi uch oyning o‘zida 300 mingdan ortiq fuqarolarning qurilmalari hamda pul mablag‘lari talon-torojdan himoyalangan.

Теглар

Мавзуга оид