O‘zbekistonda aholi eng ko‘p kommunal xizmatlar narxi oshishidan xavotirda

Бугун 12:253 дақиқа

Aprel oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etgan bo‘lsa-da, kommunal xizmatlar hamda yoqilg‘i-energiya narxlarining qimmatlashishiga oid xavotirlar saqlanib qolmoqda.

O‘zbekistonda aholi eng ko‘p kommunal xizmatlar narxi oshishidan xavotirda © rv-news.ru

2026 yil aprel oyida aholining yillik inflyatsion kutilmalari 10,6 foizni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 0,4 foiz bandga pasaydi. Tadbirkorlik subyektlarining kutilmalari esa aholinikidan ko‘proq, 0,7 foiz bandga kamayib, 10,3 foiz darajasida shakllandi. Bu haqda Markaziy bankning aholi va tadbirkorlar orasida o‘tkazgan an’anaviy so‘rovnomasi natijalarida keltirib o‘tilgan.

So‘nggi oylarda inflyatsion kutilmalarning pasayish sur’atlari sezilarli darajada tezlashgani qayd etilmoqda.

Asosiy omillar saqlanmoqda

Markaziy bank sharhiga ko‘ra, aholi fikricha, narxlar o‘sishiga ta’sir qiluvchi asosiy omillar orasida kommunal xizmatlar hamda yoqilg‘i-energiya resurslari narxlarining oshishiga oid xavotirlar yetakchilik qilmoqda. Bu omillarni qayd etgan respondentlar ulushi o‘tgan oylarga nisbatan sezilarli darajada oshgan. Shuningdek, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining ko‘tarilishi, transport xarajatlari hamda ish haqi va nafaqalar oshirilishi bilan bog‘liq xavotir bildirganlar soni ham ko‘paygan.

1

Manba: Markaziy bank

Tadbirkorlar orasida ham ushbu omillar inflyatsion kutilmalarga asosiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar sifatida saqlanib qolmoqda, bunda transport xarajatlarining oshishi ham qo‘shimcha ta’sir qiluvchi faktor sifatida qayd etilgan. Shuningdek, xomashyo narxlarining qimmatlashishi, valuta kursidagi o‘zgarishlar va soliq yukining yuqoriligiga oid xavotir bildirgan tadbirkorlar ulushi ham oshgan.

2

Manba: Markaziy bank

Sohalar va hududlar kesimida farqlar

Aholi guruhlari orasida eng yuqori inflyatsion kutilmalar pensionerlar tomonidan bildirilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich talabalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

3

Manba: Markaziy bank

Tadbirkorlar kesimida esa eng yuqori kutilmalar madaniyat, hunarmandchilik hamda sog‘liqni saqlash sohalarida qayd etilgan. Kafe-restoran xizmati va tashish xizmatlarida eng past darajalar kuzatilgan.

4

Manba: Markaziy bank

Hududiy jihatdan qaralganda, inflyatsion kutilmalarning eng yuqori ko‘rsatkichlari aholi orasida Toshkent viloyatida, tadbirkorlar orasida esa Toshkent shahrida qayd etilgan. Eng past ko‘rsatkichlar aholi orasida ham tadbirkorlar orasida ham Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatilgan.

5

Manba: Markaziy bank

Daromad va inflatsiya bog‘liqligi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, aholining daromad darajasi inflyatsion kutilmalarga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Aprel oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalari yuqori daromadli aholi qatlami orasida inflatsiya bo‘yicha xavotirlar nisbatan yuqoriroq ekanini ko‘rsatdi.

Xususan, oylik daromadi 30 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan respondentlarda inflyatsion kutilmalar 16,5 foizni tashkil etgan bo‘lib, bu umumiy o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha yuqori hisoblanadi. Shuningdek, 20–30 mln so‘m daromadga ega aholi guruhida mazkur ko‘rsatkich 14,9 foizga yetgan.

Pastroq daromadli aholi qatlamlarida esa inflyatsion kutilmalar nisbatan barqaror shakllangan. Masalan, oylik daromadi 2–4 mln so‘m bo‘lgan aholi orasida bu ko‘rsatkich 9,9 foizni, 2 mln so‘mgacha daromadga ega aholida esa 10,1 foizni tashkil etgan. Umuman olganda, so‘rovda qatnashgan 3 475 nafar respondent bo‘yicha o‘rtacha inflyatsion kutilmalar 10,6 foiz darajasida qayd etilgan.

Теглар

Мавзуга оид

O‘zbekistonda aholi eng ko‘p kommunal xizmatlar narxi oshishidan xavotirda | Vaqt.uz