Logo

O‘zbekistonda «Apple Pay» va «Google Pay» tizimlarini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda — Spot

Joriy yilning sentabr oyida mazkur kompaniyalar bilan tegishli muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda «Apple Pay» va «Google Pay» tizimlarini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda — Spot © uzairways.uz

O‘zbekistonda «Apple Pay» va «Google Pay» xalqaro to‘lov servislarini ishga tushirish bo‘yicha texnik ishlar olib borilmoqda. Joriy yilning sentabr oyida mazkur kompaniyalar bilan tegishli muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmatiga tayanib «Spot» ma’lum qildi.

Nashr manbasining qayd etishicha, sentabr oyiga servislarni to‘liq ishga tushirish emas, balki muzokaralar va muhokamalar jarayoni rejalashtirilgan.

Joriy yil 26-mart kuni prezident «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonunni imzolagan edi. Hujjat bilan barcha shaxsiy ma’lumotlarni faqat O‘zbekiston hududidagi serverlarda saqlash talabi bekor qilindi. Endilikda bu talab faqat biometrik va genetik ma’lumotlar hamda telekommunikatsiya operatorlari abonentlari ma’lumotlariga nisbatan saqlanib qolgan. Qolgan shaxsiy ma’lumotlarni esa ma’lum shartlarga rioya qilingan holda xorijda qayta ishlash mumkin.

Qonunchilikdagi o‘zgarishlar va infratuzilma


Kurbanoff.net Telegram-kanali muallifi Shuhrat Qurbonov qonunchilikdagi to‘siq olib tashlangani «Apple Pay» va «Google Pay» xizmatlari darhol ishga tushishini anglatmasligini aytdi.

Uning ta’kidlashicha, yangi qonun faqat shaxsiy ma’lumotlarni transchegaraviy uzatish mumkin bo‘ladigan shartlarni belgilab berdi. Biroq buning uchun yana bir nechta qonunosti hujjatlarini qabul qilish zarur. Xususan, shaxsiy ma’lumotlarni yetarli darajada himoya qiladigan davlatlar ro‘yxati, standart shartnoma talablari hamda ma’lumotlarni saqlash bo‘yicha xalqaro standartlar ro‘yxati tasdiqlanishi kerak. Qonun qabul qilinganiga uch oy bo‘lganiga qaramay, ushbu hujjatlarning birortasi hali tasdiqlanmagan.

«Ushbu bandlar amalga oshirilmaguncha, shaxsiy ma’lumotlarni transchegaraviy uzatish huquqiy jihatdan noaniq bo‘lib qoladi», — deb yozdi u.

Bundan tashqari, uning fikricha, barcha me’yoriy-huquqiy baza shakllantirilganidan keyin ham O‘zbekistonni «Apple Pay» va «Google Pay»ning rivojlantirish rejasiga kiritish kompaniyalarning ichki qaroriga bog‘liq bo‘ladi. Qonunchilikdagi o‘zgarishlar faqat huquqiy imkoniyat yaratadi, biroq kompaniyalarning bozorga kirishidan manfaatdor bo‘lishini kafolatlamaydi.

Shu bilan birga, blogerning qayd etishicha, mamlakatda kontaktsiz to‘lovlarni qabul qilish uchun texnik infratuzilma allaqachon tayyor. NFC’ni qo‘llab-quvvatlaydigan terminallar do‘konlar, dorixonalar, kafelar va yoqilg‘i quyish shoxobchalarida allaqachon odatiy holga aylangan.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2025 yilning noyabr oyida AQSHga tashrifi chog‘ida shaxsiy ma’lumotlarni saqlash va raqamli platformalarni tartibga solish bo‘yicha qonunchilik yangilanayotganini, bu esa «Apple Pay» va «Google Pay» tizimlarini ishga tushirish uchun imkoniyat yaratishini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, biznes vakillari, jumladan, TBC Bank rahbariyati ham shaxsiy ma’lumotlarni saqlash to‘g‘risidagi qonunning avvalgi tahriri xalqaro to‘lov tizimlarining bozorga kirishiga to‘sqinlik qilayotganini bir necha bor ta’kidlab kelgan.

Теглар

Мавзуга оид

O‘zbekistonda «Apple Pay» va «Google Pay» tizimlarini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda — Spot | Vaqt.uz