Logo

O‘zbekistonda chiqindidan elektr olish uchun qariyb 1 mlrd dollarga 6 ta zavod quriladi

Бугун 21:542 дақиқа

Ular to‘liq ishga tushgach, yiliga 3,6 million tonna maishiy chiqindi qayta ishlanib, 1,6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

O‘zbekistonda chiqindidan elektr olish uchun qariyb 1 mlrd dollarga 6 ta zavod quriladi © Ekologiya qo'mitasi

Prezident Shavkat Mirziyoyev chiqindilarni boshqarishni takomillashtirish, ularni qayta ishlash va elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. 2026–2027 yillarda chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi olish bo‘yicha 6 ta loyihani amalga oshirish belgilangan.

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, loyihalarning umumiy qiymati 933 million dollarni tashkil etadi. Ular Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida amalga oshiriladi.

1-sentabr holatiga ko‘ra, ushbu loyihalar doirasida 286,8 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan. Mahalliy mahsulot va xizmatlar xaridi 76,6 million dollarga yetgan. Qurilish ishlariga 2 ming nafar mahalliy ishchi jalb etilgan.

Zavodlar to‘liq ishga tushgach, yiliga 3,6 million tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanadi va 1,6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Qashqadaryo va Samarqanddagi zavodlarni 2026 yilda, qolgan hududlardagi quvvatlarni 2027 yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.

Yangi loyihalar amalga oshiriladi

Taqdimotda chiqindilardan energiya olish bo‘yicha Singapur, Janubiy Koreya va Xitoy kompaniyalarining yana 5 ta loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Ularning umumiy qiymati 625 million dollar bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Surxondaryo, Buxoro va Xorazmda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Bu quvvatlar yiliga 1,9 million tonna qattiq maishiy chiqindini qayta ishlab, 635 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda. Shuningdek, 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Loyihalar hududlarda chiqindilarni qayta ishlash imkoniyatlarini kengaytirishga ham xizmat qiladi.

Loyihalar doirasida 158 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishi va issiqxona gazlari chiqindilari 316 ming tonnaga kamaytirilishi belgilangan.

Ming nafar soha mutaxassisi tayyorlanadi

Prezident loyihalarni jadallashtirish, investorlar uchun infratuzilma va tashkiliy sharoitlarni yaratish, mahalliylashtirishni oshirish hamda kadrlar tayyorlashga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

Shu asosda «Green University», Samarqand davlat universiteti va Qarshi davlat universiteti bilan hamkorlikda 1 ming nafar mutaxassisdan iborat kadrlar zaxirasini shakllantirish vazifasi belgilandi.

Теглар

Мавзуга оид