Logo

O‘zbekistonda kreditlar qoldig‘i 644,6 trln so‘mga yetdi

Бугун 12:552 дақиқа

Yetti oyda jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar qoldig‘i yil boshidan beri 6,7 foizga oshgan. Xususan, aholi kesimida mikrokreditlar qoldig‘i 15,5% ga, ipoteka kreditlari 11% ga, mikroqarzlar qoldig‘i esa 4,7% ga ko‘paydi.

O‘zbekistonda kreditlar qoldig‘i 644,6 trln so‘mga yetdi

​​O‘zbekistonda jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar qoldig‘i 2026 yil boshidan buyon 6,7% ga oshib, 1-avgust holatiga 644,6 trln so‘mni tashkil qildi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.

Jismoniy shaxslar krediti

2026-yil 1-yanvar holatiga jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar qoldig‘i 220,3 trln so‘m bo‘lgan. 1-avgustga kelib bu ko‘rsatkich 239,8 trln so‘mga yetgan va 8,9 foizga oshgan.

Aholiga ajratilgan kreditlar tarkibida eng katta o‘sish boshqa kreditlarda qayd etilgan. Kredit kartalari va overdraftlarni o‘z ichiga olgan ushbu segment qoldig‘i 33,5 foizga oshib, 5,9 trln so‘mga yetgan.

Mikrokreditlar qoldig‘i 15,5 foizga o‘sib, 46,7 trln so‘mni tashkil qilgan. Ipoteka kreditlari 11 foizga oshib, 88,1 trln so‘mga yetgan. Mikroqarzlar 4,7 foizga ko‘payib, 51,1 trln so‘m bo‘lgan.

Avtokreditlar qoldig‘i 40,5 trln so‘mga yetgan. Ta’lim kreditlarida esa 1,3 foizlik pasayish kuzatilib, qoldiq 6,8 trln so‘mni tashkil qilgan.

Biznes kreditlari ham oshgan

Yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar qoldig‘i 2026-yil boshidagi 383,7 trln so‘mdan 1-avgustga qadar 404,8 trln so‘mga yetgan. O‘sish 5,5 foizni tashkil qilgan.

Kredit tashkilotlari bo‘lmagan yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar qoldig‘i 377,5 trln so‘mga yetgan. Bu yil boshidagi ko‘rsatkichdan 4,9 foiz yuqori.

Lizing va faktoring bo‘yicha kreditlar 27,5 foizga o‘sib, 4,9 trln so‘mni tashkil qilgan. Mikrokreditlar qoldig‘i esa 22,1 foizga oshib, 17,9 trln so‘mga yetgan.

Ayrim yo‘nalishlarda pasayish bor

Banklararo kreditlar qoldig‘i eng yuqori o‘sishlardan birini ko‘rsatgan. Ushbu ko‘rsatkich 58,2 foizga oshib, 1 trln so‘mdan oshgan.

Shu bilan birga, sindikatlashtirilgan kreditlar qoldig‘i 26,1 foizga kamayib, 3,5 trln so‘mni tashkil qilgan.

Umuman, 2026 yilning dastlabki yetti oyida kreditlar qoldig‘i 40,6 trln so‘mga ko‘paygan. O‘sishning asosiy qismi jismoniy shaxslar kreditlari va biznesga ajratilgan mablag‘lar hisobiga to‘g‘ri kelgan.

Markaziy bank avvalroq yirik korxonalarning yarmi foydasi bilan kredit foizlarini qoplay olmayotganini ma’lum qilgandi. Regulyator tahliliga kiritilgan 440 ta yirik korxonaning 51 foizida soliq to‘lashdan oldingi foyda qarzlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplashga yetmagan.

Теглар

Мавзуга оид