Logo

O‘zbekistonda mansabdor shaxslarning sud ishlariga aralashganligi uchun 5 yilgacha qamoq jazosi tayinlanadi

Бугун 15:512 дақиқа

12-sentabrdan kuchga kirgan qonun bilan sudyaga noqonuniy ta’sir o‘tkazish uchun jinoiy javobgarlik aniqlashtirildi. Sud binosida tartibni buzish yoki raislik qiluvchining farmoyishiga bo‘ysunmaslik uchun ham jarima belgilandi.

O‘zbekistonda mansabdor shaxslarning sud ishlariga aralashganligi uchun 5 yilgacha qamoq jazosi tayinlanadi © crypto.runfyers.com

O‘zbekistonda sud ishlariga aralashganlik va sudga hurmatsizlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. Tegishli qonun 12-sentabrdan kuchga kirdi.

Hujjat bilan Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Sud ishlariga noqonuniy ta’sir o‘tkazish

Jinoyat kodeksining 236-moddasi — tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish bo‘yicha norma yangi tahrirda bayon etildi.

Unga ko‘ra, tergov qilishga aralashish, ya’ni ishni har tomonlama, to‘la va xolisona o‘rganilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorga turli shakllarda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazish:

●     3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;

●     1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash;

●     yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Sudyaga ta’sir o‘tkazganlik uchun jazo

Sud ishlarini hal etishga aralashish, ya’ni muayyan ishning har tomonlama, to‘la va xolisona ko‘rib chiqilishiga to‘sqinlik qilish yoki adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoxud qaror chiqarilishiga erishish maqsadida sudyaga yoki xalq maslahatchisiga qonunga xilof ravishda turli shakllarda ta’sir o‘tkazish ham xuddi shunday jazoga sabab bo‘ladi.

Bunday qilmish uchun 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi.

Agar ushbu harakatlar mansabdor shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, u muayyan huquqdan mahrum etilib, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Sud binosida tartibni buzganlik uchun jarima

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 180-moddasiga — sudga hurmatsizlik qilish bo‘yicha moddaga ham qo‘shimcha kiritildi.

Unga ko‘ra, guvoh, jabrlanuvchi, da’vogar, javobgar, ishda qatnashuvchi boshqa shaxslarning sudga kelishdan qasddan bo‘yin tovlashi, raislik qiluvchining farmoyishiga bo‘ysunmasligi yoki sud majlisi vaqtida yoxud sud binosida tartibni buzishi sudga hurmatsizlik deb baholanadi.

Bunday holat uchun BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 24-fevralda qabul qilinib, Senat tomonidan 19-mayda ma’qullangan.

Avvalroq ma’muriy sud ishlarida ham mansabdor shaxslarning javobgarligi kuchaytirilgandi. Xususan, uzrli sababsiz sud majlisiga kelmagan mansabdor shaxsga sud jarimasi qo‘llanishi mumkinligi belgilangan.

Теглар

Мавзуга оид