O‘zbekistonda qaysi sohalarda bo‘sh ish o‘rinlari ko‘proq?

Бугун 12:152 дақиқа

2025 yilning qish oylarida bo‘sh ish o‘rinlari soni 2024 yilning mos davriga nisbatan 15,3 foizga ko‘paygan.

O‘zbekistonda qaysi sohalarda bo‘sh ish o‘rinlari ko‘proq?

2025 yilning to‘rtinchi choragida mamlakatda biznes subyektlari tomonidan 47,8 mingta bo‘sh ish o‘rinlari e’lon qilindi. Bu haqda Markaziy bank e’lon qilgan tahlillarda ko‘rish mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ish kuchiga bo‘lgan talabning yuqori o‘sishi asosan qurilish, umumiy ovqatlanish va ishlab chiqarish yo‘nalishlarida kuzatildi.

1

Qurilish sohasidagi bo‘sh ish o‘rinlari bir yilda 32,6 foizga oshgan. Bu o‘sishni hududlardagi infratuzilma va uy-joy qurilishi hajmining ortishi bilan izohlash mumkin. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2025 yilda qurilish ishlari 14,2 foizga o‘sgan.

Iqtisodiy faollik bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, qurilish sohasidagi tadbirkorlarning 43,6 foizi ish o‘rinlarini ko‘paytirishni rejalashtirgan. Bu esa talabning kelgusida ham yuqori bo‘lishini ko‘rsatadi.

Umumiy ovqatlanish sohasida ish o‘rinlari esa 23,9 foizga oshgan. Bu aholining iste’mol faolligi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Xizmatlar sohasida ham yuqori dinamika saqlanib, tadbirkorlarning 38,5 foizi yangi ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirgan. Savdo sohasida bu ko‘rsatkich 32,2 foizni tashkil etdi.

Ishlab chiqarish sohasida bo‘sh ish o‘rinlari bir yilda 13,4 foizga oshgan. Bo‘sh ish o‘rinlarining ortishiga tadbirkorlar sonining oshganligi ham sabab bo‘lishi mumkin: 2025 yilda 10,9 foizga ortgan.

 Shu bilan birga, mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan korxona va tashkilotlar soni ham o‘sishda davom etdi va 2025 yilda 725,9 mingtaga yetdi. Bu 2024 yilga nisbatan 5,4 foizga ko‘pdir.

Qisqartirishlar kamaydi, ish o‘rinlari ko‘paymoqda

2025 yilning IV choragida ish o‘rinlarini oshirishni kutayotgan biznes subyektlari ulushi 36,4 foizga yetgan. Shu bilan birga, ish o‘rinlarini saqlab qolishni rejalashtirayotganlar 56,4 foizni tashkil etgan. (2-rasm)

Aksincha, ish o‘rinlarini qisqartirishni kutayotganlar ulushi 12,7 foizdan 7,2 foizgacha kamaygan. Bu mehnat bozorida ijobiy tendensiyalar ustun ekanini ko‘rsatadi.

«Mehnat bozorida ushbu dinamikalarning shakllanishi kelgusi oylarda yangi ish o‘rinlari taklifining sezilarli o‘sishi kutilayotganligini hamda mehnat bozorida talabning tarmoqlar kesimida ham faol kengayib borayotganligini ko‘rsatadi», — deyiladi hisobotda.

2

Ish qidirish faolligi va mavsumiy omillar

2025 yilning oktabr-noyabr oylarida onlayn ish qidirish faolligida mavsumiy pasayish kuzatildi. Shu bilan birga, umumiy hisobda ish qidirish faolligi barqarorlashdi, ammo faol rezyumelar, ya’ni ish qidirayotganlar soni o‘sishi 2024 yilga nisbatan ancha past bo‘ldi.

Bu holat ish o‘rinlari taklifining tezroq o‘sishi fonida mehnat bozorida talab ustunlik qilayotganini anglatadi.

Umuman olganda, ish o‘rinlari taklifining tez o‘sishi, biznes faolligining kengayishi va ish qidirish faolligining barqarorlashuvi mehnat bozorida talabning kuchayib borayotganini ko‘rsatmoqda. Bu esa iqtisodiyotdagi o‘sish jarayonlari davom etayotganidan dalolat beradi.

Теглар

Мавзуга оид