Logo

O‘zbekistonda «Raqamli Mahalla» platformasi joriy etiladi

Бугун 11:092 дақиқа

Shu bilan birga, kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 3,5 mingtaga yetkazish hamda mamlakatda ishsizlik va kambag‘allik darajasini 4,5 foizgacha kamaytirish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda «Raqamli Mahalla» platformasi joriy etiladi © prezident.uz

O‘zbekistonda mahallalar faoliyatini yanada samarali boshqarish maqsadida «Raqamli mahalla» platformasi joriy etiladi va har yili 21 ming nafar mahalla xodimi hamda «mahalla yettiligi» a’zolarining malakasi oshirib boriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev mahalla tizimini rivojlantirishga doir taqdimot bilan tanishganda ma’lum qilindi.

Yangi tizim doirasida mahalla faoliyatini ilmiy asosda takomillashtirish uchun Mahallani rivojlantirish milliy institutini tashkil etish taklif etildi. Institut Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda mahalla tizimidagi islohotlarni tahlil qilish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda «mahalla yettiligi» faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi.

Taqdimotda joriy yil yakuniga qadar 1 million nafar aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 181 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish, kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 3,5 mingtaga yetkazish hamda mamlakatda ishsizlik va kambag‘allik darajasini 4,5 foizgacha kamaytirish rejalashtirilgani qayd etildi.

Mazkur maqsadlarni amalga oshirish uchun infratuzilma va iqtisodiy imkoniyatlari cheklangan 37 ta «og‘ir» tuman va 915 ta «og‘ir» mahallani qo‘llab-quvvatlashga respublika budjetidan 12 trillion so‘m ajratilgan. Shuningdek, har bir «og‘ir» tumanga 50 milliard so‘mdan, har bir «og‘ir» mahallaga esa 2 milliard so‘mdan mablag‘ yo‘naltirilgan.

Viloyat hokimliklari tomonidan qo‘shimcha mablag‘lar ajratilishi natijasida tuman hokimliklari va mahalliy kengashlar ixtiyorida yana 4 trillion so‘mlik moliyaviy resurs shakllantirilgan. Bundan tashqari, Respublika mahalla jamg‘armasiga qo‘shimcha 200 milliard so‘m ajratilib, 300 milliard so‘mdan ortiq yangi doimiy daromad manbalari yaratilmoqda.

Taqdimotda qayd etilishicha, «mahalla yettiligi» tomonidan uyma-uy o‘rganishlar natijasida 1,3 million nafardan ortiq fuqaroning muammolari aniqlangan. Ularni tezkor hal etish maqsadida 35 ta vazirlik va idoraning axborot tizimlari «Raqamli mahalla» platformasiga integratsiya qilinadi. Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida har bir mahalladagi dolzarb muammolarni oldindan aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид