Logo

O‘zbekistonda salkam 80 ming fuqaro ishsizlik nafaqasini oladi

Бугун 13:552 дақиқа

Ishsiz deb e’tirof etilgan fuqarolarga uch oygacha nafaqa to‘lanadi. Hukumat bu muddatni to‘rt oygacha uzaytirishni taklif qilmoqda.

O‘zbekistonda salkam 80 ming fuqaro ishsizlik nafaqasini oladi

O‘zbekistonda hozirda salkam 80 ming fuqaro ishsizlik nafaqasi olmoqda. Ularning bir qismi kasb-hunarga yo‘naltirilgan bo‘lib, o‘qish davrida xarajatlari qoplab beriladi va stipendiya ajratiladi. Bu haqda Bandlik vazirligi departamenti boshlig‘i Sobir Xaytmurodov 28-oktabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumani yakunida jurnalistlarga ma’lum qildi.

Vazirlik vakilining tushuntirishicha, ishsizlik nafaqasini olish uchun fuqaro oxirgi besh yil davomida kamida 1 yil 8 oy ijtimoiy soliq to‘lagan bo‘lishi kerak.

Buning uchun mehnatga layoqatli yoshdagi fuqaro yashash joyidagi tuman yoki shahar bandlik organiga murojaat qilishi mumkin. Agar uning malakasiga mos ish topilmasa, maxsus komissiya tomonidan ishsiz deb e’tirof etiladi va unga nafaqa tayinlanadi.

«Fuqaro kasb-hunar o‘rganib, keyin ishga joylashmoqchi bo‘lsa ham ishsizlik nafaqasi olishi mumkin. Hozirgi kunda salkam 80 mingga yaqin fuqaro ishsizlik nafaqasi olmoqda va ular kasb-hunarga yo‘naltirilgan», — dedi Sobir Xaytmurodov.

Uning qayd etishicha, kasb-hunar o‘rganayotgan fuqarolarning ta’lim jarayonidagi xarajatlari qoplab beriladi, bundan tashqari, ularga stipendiya ham ajratiladi.

O‘zbekistonda ishsizlik nafaqasining eng yuqori miqdori mehnatga haq to‘lashning uch baravariga teng. Hozirgi hisob-kitob bo‘yicha bu 4 million 80 ming so‘mni tashkil etadi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, ishsizlik nafaqasi uch oygacha to‘lanishi mumkin. Biroq Bandlik vazirligi ushbu muddatni uzaytirish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish kiritishni taklif qilmoqda.

«Biz hozir qonunchilikka o‘zgartirish kiritishni taklif qilyapmiz. Bu orqali ishsizlik nafaqasi to‘lash muddatini to‘rt oygacha uzaytirish taklif etilmoqda. Qonun loyihasi parlamentdan o‘tib, tasdiqlansa, qabul qilinishi mumkin», — dedi vazirlik departamenti rahbari.

Hozircha bu taklif qonunchilikka kiritilishi rejalashtirilayotgan o‘zgartirish hisoblanadi. Uning kuchga kirishi parlament tomonidan ma’qullanishi va tegishli tartibda tasdiqlanishiga bog‘liq.

Vaqt.uz avvalroq yil davomida kambag‘allik darajasi 5,8 foizdan 3,6 foizgacha pasaygani haqida yozgandi.

Теглар

Мавзуга оид