O‘zbekistonda sanoat korxonalari qaysi yo‘nalishda faoliyat yuritayotgani ma’lum qilindi

Бугун 10:251 дақиқа

Mamlakatda 61 mingdan ortiq sanoat korxonasi faol bo‘lib, ular asosan oziq-ovqat va qurilish sohalarida faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekistonda sanoat korxonalari qaysi yo‘nalishda faoliyat yuritayotgani ma’lum qilindi

O‘zbekistonda sanoat tarmoqlari tarkibi bo‘yicha eng ko‘p korxonalar oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida faoliyat yuritmoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1-mart holatiga respublikada jami 61,1 mingta sanoat korxonasi mavjud.

Faoliyat turlari bo‘yicha sanoat korxonalari

Ular orasida 12,2 mingta korxona aynan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Bu esa mazkur yo‘nalish ichki bozorda yuqori talabga ega ekanini ko‘rsatadi.

Ikkinchi o‘rinda boshqa nometall mineral mahsulotlar ishlab chiqarish sohasi turibdi — 8,5 mingta korxona. Bu toifaga asosan qurilish materiallari, jumladan sement va g‘isht ishlab chiqarish kiradi.

Shuningdek, yengil sanoat ham sezilarli ulushga ega. Xususan, kiyim ishlab chiqarish sohasida 6,1 mingta, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishda esa 3,8 mingta korxona faoliyat yuritmoqda.

Bundan tashqari, tayyor metall buyumlar ishlab chiqarish sohasida 5 mingta, mebel ishlab chiqarishda 4,2 mingta hamda rezina va plastmassa buyumlar ishlab chiqarishda 2,9 mingta korxona faoliyat olib bormoqda.

Hududlar kesimida

2026-yil yanvar oyida O‘zbekistonda 85,1 trln so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilib, hududlar reytingida Navoiy viloyati birinchi o‘rinni egalladi.

Ikkinchi o‘rinni Toshkent shahri egalladi. Poytaxtda bir oy davomida 13,9 trln so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarildi. Uchinchi o‘rinda esa 12,2 trln so‘mlik ko‘rsatkich bilan Toshkent viloyati qayd etildi.

Теглар

Мавзуга оид