O‘zbekistonda soliq tushumlari 54 foizga ko‘paydi

Бугун 12:552 дақиқа

Birinchi chorak yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonda tadbirkorlik faolligi barqaror o‘sishni namoyon qildi, soliq tushumlari va eksport hajmlari sezilarli darajada oshdi.

O‘zbekistonda soliq tushumlari 54 foizga ko‘paydi © Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda 2026 yilning birinchi choragida tadbirkorlik faoliyati barcha asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha ijobiy o‘sish sur’atlarini qayd etdi. Soliq va bojxona tushumlari, eksport hajmlari hamda kreditlash ko‘rsatkichlari barqaror dinamikani namoyon etmoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyi yakuniga kelib soliq tushumlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 54 foizga oshdi. Bu iqtisodiy faollikning sezilarli darajada jonlanganini ko‘rsatadi.

Hududlar kesimida o‘sish

Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish Navoiy, Sirdaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahrida qayd etildi. Ushbu hududlarda o‘sish sur’atlari o‘rtacha 33 foizni tashkil qildi. Shu bilan birga, jismoniy shaxslar daromad solig‘i 15,2 foizga, mol-mulk solig‘i 10,7 foizga, yer solig‘i esa 33,8 foizga oshdi.

Bojxona to‘lovlari

Bojxona to‘lovlari ham 19,5 foizga ko‘paydi. Ayniqsa, Navoiy viloyatida bu ko‘rsatkich 77,6 foizga, Namangan viloyatida esa 64,2 foizga yetdi. Farg‘ona, Samarqand va Qoraqalpog‘istonda ham barqaror o‘sish saqlanib, o‘rtacha 32 foizni tashkil etdi.

Eksport ham oshgan

Tashqi iqtisodiy faoliyatda ham ijobiy tendensiya davom etdi. Tovarlar eksporti 30 foizga oshgan bo‘lib, eng yuqori o‘sish Navoiy viloyatida 71,4 foiz va Toshkent viloyatida 52,4 foizni tashkil qildi. Samarqand, Namangan va Buxoro viloyatlarida ham eksport hajmlari ko‘paydi.

Kreditlash

Bank sektorida kreditlash hajmi 9,1 foizga oshdi. Eng yuqori o‘sish Samarqand viloyatida 69,5 foizga yetdi. Buxoro, Xorazm, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida esa o‘sish sur’atlari o‘rtacha 43 foizdan yuqori bo‘ldi.

Shuningdek, yangi tadbirkorlik subyektlari soni keskin oshdi. Mart oyida 22 443 ta yangi korxona ro‘yxatdan o‘tkazildi. Eng yuqori ko‘rsatkichlar Toshkent shahri, Toshkent, Xorazm, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida qayd etildi.

Respublika tovar-xom ashyo birjasidagi bitimlar hajmi ham 20,8 foizga oshdi. Sirdaryo viloyatida birja faolligi eng yuqori o‘sishni ko‘rsatib, 68,4 foizni tashkil etdi.

rasm

manba ITIM

Теглар

Мавзуга оид