Logo

O‘zbekistonga qo‘shni davlatdan 55 kilogramm narkotik olib kirmoqchi bo‘lganlar ushlandi

Кеча 22:051 дақиқа

235 ming dozaga teng jami 55,75 kilogramm «opiy» va «gashish»ning aholi orasida tarqalishiga chek qo‘yildi.

O‘zbekistonga qo‘shni davlatdan 55 kilogramm narkotik olib kirmoqchi bo‘lganlar ushlandi

Samarqand viloyatida qo‘shni respublikadan kontrabanda yo‘li bilan 55 kilogrammdan ortiq «gashish» va «opiy» olib o‘tmoqchi bo‘lgan transmilliy jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti va uning hududiy bo‘linmalari hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ikki nafar narkokurer Samarqand viloyatining Toyloq tumani hududidagi dala maydonida ushlangan.

Ular Lacetti rusumli avtomashinada kelib, belgilangan geolokatsiyada yashirib ketilgan 41,2 kilogramm «opiy» va 14,55 kilogramm «gashish»ni olayotgan bo‘lgan.

Tezkor surishtiruv davomida aniqlanishicha, ushbu shaxslar bir yildan buyon giyohvandlik vositalarini O‘zbekiston hududi bo‘ylab tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan.

Ular narkotik moddalarni qo‘shni respublikada yashovchi rahnamolarining topshirig‘iga asosan, ko‘rsatilgan shaxslarga taqsimlab, hududlarga tarqatishi kerak bo‘lgan.

Natijada 235 ming dozaga teng jami 55,75 kilogramm «opiy» va «gashish»ning aholi orasida tarqalishiga chek qo‘yilgan.

Mazkur holat yuzasidan qo‘lga olingan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 6-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olingan.

Теглар

Мавзуга оид