O‘zbekistonlik astronomlar NASA'ning xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi

23.02.2026 | 11:551 дақиқа

NASAning DART kosmik missiyasida qatnashgan o‘zbekistonlik astronomlar xalqaro mukofot bilan taqdirlandi.

O‘zbekistonlik astronomlar NASA'ning xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti olimlari — f.-m.f.n., Galaktika astronomiyasi laboratoriyasi mudiri Otabek Burxonov va PhD, katta ilmiy xodim Kamoliddin Ergashev NASAning «Group Achievement Award» mukofoti bilan taqdirlandi. Mukofot NASA tomonidan «Double Asteroid Redirection Test» (DART) xalqaro kosmik missiyasi doirasida qo‘lga kiritilgan ilmiy natija uchun berildi.

DART missiyasi

DART missiyasi insoniyat tarixida birinchi marta asteroid orbitasini maqsadli ravishda o‘zgartirishga qaratilgan sayyoraviy himoya tajribasi hisoblanadi. 2022 yil 26-sentabrda kosmik kema Dimorphos asteroidiga kinetik zarba berdi. U Didymos tizimining yo‘ldoshi bo‘lib, zarba natijasida uning orbital davri o‘zgardi.

1

Eng muhim jihat shundaki, mazkur o‘zgarish Yer va kosmik teleskoplar orqali aniq o‘lchandi. Bu inson tomonidan asteroid orbitasini sun’iy ravishda o‘zgartirish va uning natijasini eksperimental tasdiqlash bo‘yicha ilk amaliyot bo‘ldi.

1

O‘zbekistonlik olimlar DART missiyasining yerdan kuzatuvlar bo‘yicha ishchi guruhi tarkibida Maydanak Observatory teleskoplari orqali faol ishtirok etdi. Ular zarbadan oldingi va keyingi fotometrik kuzatuvlar asosida asteroid tizimining orbital davridagi o‘zgarishni aniqlab, yuqori aniqlikda hisob-kitob qildi.

Aynan shu o‘lchov natijalari DART tajribasining muvaffaqiyatli amalga oshirilganini ilmiy jihatdan tasdiqladi. Mutaxassislarning xalqaro loyihadagi ishtiroki mamlakat ilm-fan salohiyatining yuksalishini namoyon etdi.

Теглар

Мавзуга оид

O‘zbekistonlik astronomlar NASA'ning xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi | Vaqt.uz